Jizzax viloyatida “Mahoratli o‘qituvchi – millat tayanchi” shiori ostida o‘tkazilayotgan “IV Ustozlar milliy forumi” mamlakat ta’lim tizimida innovatsion yondashuvlar, pedagogik jarayonning mazmun va mohiyati hamda metodik yangilanish zaruratini amalda namoyon etmoqda.
Forum faqatgina tajriba va bilim almashish maydoni bo‘lib qolmay, balki amaliy yechimlar manbai sifatida ham xizmat qilmoqda.
Tadbir doirasida ilg‘or tajriba egalari, Prezident ta’lim muassasalari va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘qituvchilari ishtirokida mahorat darslari, tahliliy muhokamalar va trening mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ular orqali zamonaviy o‘qitish uslublari keng targ‘ib etildi.
Forumda o‘quv-metodik majmualarning amaliyotdagi ahamiyati qayta baholandi. Ularning har bir bo‘limi o‘quvchi ta’limiy ehtiyojlariga qanchalik mos ekani tahlil qilindi. Samarali foydalanish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqilib, darsliklarda qo‘llanilayotgan ilg‘or metodik yondashuvlar qayta ko‘rib chiqildi. Mutaxassislar bu metodikalarning mazmun jihatidan boyligi, bolalarning yosh va psixologik xususiyatlariga mosligi hamda dars jarayonida faollikni oshirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
Namunaviy darslar orqali zamonaviy darslarni tashkil etish usullari amaliy jihatdan namoyish etildi. O‘qituvchilar bilim berish emas, balki bilimni shakllantirishda faol ishtirokchiga aylanishi zarurligi uqtirildi.
Baholash tizimi ham tahlil etildi. Natijaga emas, balki o‘quvchi o‘sish trayektoriyasini hisobga oladigan, jarayonga asoslangan mezonlar muhim ekani qayd etildi. Bunday yondashuv o‘qituvchining o‘z faoliyatini tahlil qilish va nazorat qilish qobiliyatini ham oshiradi.
Boshlang‘ich ta’limda informatika va axborot texnologiyalari fanini bosqichma-bosqich joriy etish masalasi alohida muhokama markaziga aylandi. Bolalarni yoshlikdan raqamli dunyoga tayyorlash, logik tafakkurni rivojlantirish va raqamli savodxonlikni shakllantirish ta’limning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilandi.
Janubiy Koreya tajribasi asosida maktabgacha ta’limda o‘yin orqali o‘qitish, raqamli ta’lim platformalaridan samarali foydalanish va “eMaktab” imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalar ham forum kun tartibidan muhim o‘rin egalladi.
Forum amalda ta’lim tizimidagi eng yangi g‘oya va yechimlarni to‘playdigan, ulashadigan va amaliyotga tatbiq etuvchi samarali platformaga aylanmoqda.
[gallery-24759]
Tadbir doirasida jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Ishtirokchilarning barcha savollariga Jizzax viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Shohida Damanova hamda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Temur Sultonovlar tomonidan batafsil javoblar berildi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari