Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahoratli sportchilar tizimli musobaqalar orqali aniqlanadi
11:15 / 2021-12-16

Mamlakatimizda iqtidorli sportchilarni saralash, sport turlari bo‘yicha iste’dodli yigit-qizlarni terma jamoalarga jalb etish, ularni xalqaro musobaqalarga yo‘naltirish borasida Samarqand viloyatidagi Tayloq olimpiya zaxiralari kollejida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Haftaning biron-bir kuni yo‘qki, kollejimizda qaysidir sport turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazilmasa. Kuni kecha sambo va boks sport turlari bo‘yicha ochiq chempionat musobaqalarini o‘tkazdik. Har ikkala sport turi bo‘yicha nafaqat hududimiz, balki Toshkent, Navoiy va Sirdaryo viloyatlaridan ham jamoalar ishtirok etdi. Samboda ishtirokchilar soni 150 nafarni, boks bahslarida esa 180 nafarni tashkil etdi. Muhimi, yoshlarning tajribasi oshdi. Aslida yosh sportchilar uchun tizimli musobaqalarni doimiy tarzda tashkil etib borish, ularni kelgusidagi katta chempionatlarga tayyorlashga zamin hozirlaydi, – deydi Tayloq olimpiya zaxiralari kolleji deriktori Bahodir Berdiqulov.

Haqiqatan, iste’dodli sportchilar uchun tizimli musobaqalar koni-foyda. Shu maqsadda Tayloq olimpiya zaxiralari kollejida yosh sportchilarni doimiy tarzda mahoratini oshirib borish maqsadida yil o‘n ikki oylik o‘quv-mashg‘ulot, musobaqa, dam olish dasturi ishlab chiqilgan.

Dasturga asosan joriy yil sentyabr oyidan e’tiboran 20 ga yaqin sport turlari bo‘yicha ichki musobaqalar o‘tkazilgan bo‘lsa, o‘quv yili yakunigacha olimpiya va milliy sport turlarida 50 dan ziyod ochiq turnirlar, birinchiliklar tashkil etilishi belgilangan.

E’tiborli jihati, 2021 yil mobaynida Tayloq olimpiya zaxiralari kollejida tahsil olayotgan 180 nafar atrofidagi talaba-sportchilar 18 sport turi bo‘yicha o‘tgan musobaqalarda 257 ta medallarga ega chiqishdi. Shundan 5 tasi jahon chempionatida, 16 tasi xalqaro turnirlarda, 236 tasi esa mamlakat chempionatlarida qo‘lga kiritilgan.

Yaqinda Tailandda akademik eshkak eshish bo‘yicha o‘tgan qit’a chempionatida kollej talaba-sportchilari 1 ta oltin va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, erkin va yunon-rum kurashi, dzyudo, sambo kabi qator turlar bo‘yicha o‘tgan nufuzli musobaqalarda ham sovrinli o‘rinlarga ega chiqib, Vatanimiz sport dovrug‘ini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 noyabrdagi “Sport-ta’lim muassasalari faoliyatini 2025 yilgacha rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni bajarish, Yangi O‘zbekiston tamoyilini yosh sportchilar faoliyatida yanada yorqinroq aks etishini ta’minlash borasida ham zarur ishlar bajarilmoqda. Qarorda ko‘rsatib o‘tilganidek, yutuqlar zamiri iqtidorli sportchilarni izlash, aniqlash va saralash orqali amalga oshadi.

Bu borada Tayloq olimpiya zaxiralari kollejida iqtidorli sportchilarni jalb etish borasida murabbiylar kengashi tomonidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilganligi muvaffaqiyatlarni ta’minlanishida qo‘l kelmoqda. Shu asosda, Samarqand va qo‘shni viloyatlardagi BO‘SM, IBO‘SM va sport to‘garaklarida shug‘ullanishni boshlagan iqtidorli yoshlar olimpiya kollejiga jalb etilmoqda.

Bundan tashqari, yosh sportchilarning musobaqalardagi natijadorligini doimiy ta’minlab borish, ularning texnik va taktik mahoratini yuksaltirish maqsadida murabbiy va mutaxassislar ichki manitoring  o‘tkazayotgani ayni muddao bo‘lmoqda. Bu esa, yosh sportchilarni qit’a va olimpiya o‘yinlariga, jahon chempionatlariga bosqichma-bosqich tayyorgarlik ko‘rishiga zamin hozirlamoqda.

To‘lqin Ro‘ziyev, 
O‘zA