Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahoratli sportchi – tajribali murabbiya
19:22 / 2015-02-25

Mamlakatimizda xotin-qizlar o‘rtasida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor samarasida xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarda muntazam g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olib, mamlakatimiz sharafini dunyoga tanitayotgan qizlarimiz safi tobora kengayib bormoqda.


Mamlakatimizda xotin-qizlar o‘rtasida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor samarasida xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarda muntazam g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olib, mamlakatimiz sharafini dunyoga tanitayotgan qizlarimiz safi tobora kengayib bormoqda.

Ana shunday sportchilardan biri badiiy gimnastikachi Jamila Rahmatovadir.

Jamila 8 yoshidan Navoiy shahrida murabbiya Oksana Shevchenkodan badiiy gimnastika sirlarini puxta o‘rgandi. Uning sportga mehri va intiluvchanligi o‘z samarasini berdi – 2000-yilda O‘zbekiston terma jamoasiga qabul qilindi va 10 yoshida xalqaro turnirda birinchi marotaba ishtirok etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Badiiy gimnastikachimiz o‘z ustida tinimsiz mehnat qildi, mahoratini oshirib bordi, mamlakat miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etib, toblandi. 2010-yilda Xitoyning Guanchjou shahrida bo‘lgan XVI Osiyo o‘yinlarining jamoaviy bahslarida kumush medalni qo‘lga kiritdi. 2013-yilda poytaxtimizda o‘tgan Osiyo chempionatida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. O‘tgan yili Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan XVII Osiyo o‘yinlarining jamoaviy bahslarida oltin medalga sazovor bo‘ldi. 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy islohotlardagi faol ishtiroki, samarali mehnati, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishiga qo‘shgan hissasi uchun Jamila Rahmatova “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. 2014-yilning eng yaxshi sportchisi, deya e’tirof etilgan.

Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida, jumladan, qishloqlarda ham zamonaviy bolalar sporti inshootlari barpo etilmoqda. Xalqaro andozalar darajasida jihozlangan markaz va seksiyalar, sport komplekslari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, qizlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi doimiy e’tiborda. 

Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalangan Jamila ayni paytda sportdagi faoliyatini yakunlab, badiiy gimnastika klubini ochdi. U o‘z klubida jajji qizaloqlarga mazkur sport turining sir-asrorlarini o‘rgatmoqda.

– Yoshligimdan murabbiya bo‘lishni orzu qilardim, – deydi Jamila. – Professional sportchi sifatida yutuqlarga erishdim. Endigi maqsadim shogirdlarimning xalqaro maydonlarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishini ko‘rishdir. 

Badiiy gimnastika qizlarimizga mos sport turidir. Unda jismoniy tarbiya, musiqa va xoreografiya kabi qizlar tarbiyasi uchun muhim jihatlar mujassam. Ushbu sport turi bilan shug‘ullanish qizlarni ham jismonan, ham estetik jihatdan tarbiyalashga, musiqa va raqsga qiziqishini oshirishga, har tomonlama go‘zalligi va didini shakllantirishga xizmat qiladi. 

Bugun sportga mehr qo‘ygan qizaloqlar jismoniy mashqlarda toblangani uchun tani sog‘lom, ruhi tetik, fikri tiniq, irodasi mustahkam, kelajakda hayotning turli sinov va qiyinchiliklarini yengib o‘tishga qodir insonlar bo‘lib yetishadi. Eng muhimi, har tomonlama barkamol voyaga yetgan qizlar kelajakda oila qo‘rg‘onida sog‘lom zurriyodni dunyoga keltiradi va farzandiga ham sportga mehr tuyg‘usini singdiradi, ularni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatadi. 

– Jamila opamga juda havas qilaman, – deydi klub a’zosi To‘maris Mirzayeva. – Kelajakda u kabi mohir sportchi bo‘lib, xalqaro maydonlarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishni istayman. Buning uchun murabbiyamning har bir ko‘rsatmalarini sidqidildan bajarishga harakat qilayapman.