Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahoratli shaxmatchilar “Prezident kubogi – 2025” g‘olibligi uchun kurashadi
15:08 / 2025-12-03

Ertaga poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida umumiy mukofot jamg‘armasi 80 ming AQSH dollaridan iborat “Prezident kubogi – 2025” xalqaro shaxmat turniri boshlanadi.

Bugun, 3 dekabr kuni mazkur nufuzli musobaqaning “Masters”, “A” va “B” guruhlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan shaxmatchilar Toshkentga yetib keldi.

Musobaqa dasturiga binoan bugun texnik qo‘mita yig‘ilishi, shuningdek ertaga o‘tadigan 1-tur o‘yinlari uchun qur’a tashlash marosimi tashkil etiladi.

“Prezident kubogi – 2025” xalqaro turnirining “Masters” guruhida Nihal Sarin (Hindiston), Shant Sargsyan (Armaniston), Aleksander Grischuk (FIDE), Frederik Svane (Germaniya), Shamsiddin Vohidov (O‘zbekiston), Yuriy Kuzubov (Ukraina), Maksim Lagarde (Fransiya), Bardiya Daneshvar (Eron), Abdumalik Abdusalimov (O‘zbekiston) va Muhiddin Madaminov (O‘zbekiston) dona surishi belgilangan bo‘lsa, “A” guruhida 12 ta mamlakatning 120 nafar, “B” guruhida 5 ta davlatning 150 nafar shaxmatchisi ishtirok etishi kutilmoqda.

“Masters” guruhida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 8 ming, 2-o‘rin sohibi 6 ming va 3-o‘rindan joy olgan shaxmatchi 5 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.

“A” guruhi g‘olibi 6 ming, “V” guruhida birinchilikni qo‘lga kiritgan ishtirokchi 3 ming AQSH dollari bilan mukofotlanadi.

9 ta turdan iborat bo‘lgan “Prezident kubogi – 2025” o‘yinlari 12 dekabrga qadar davom etadi.

Ertaga xalqaro turnirning tantanali ochilish marosimi va 1-tur o‘yinlari tashkil etiladi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA