Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahorat va matonat bahsi
20:25 / 2015-04-08

Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejida yengil atletika bo‘yicha paralimpiyachilar o‘rtasida mamlakat chempionati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada yuzdan ziyod sportchi g‘oliblik uchun bahslashdi.


Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejida yengil atletika bo‘yicha paralimpiyachilar o‘rtasida mamlakat chempionati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada yuzdan ziyod sportchi g‘oliblik uchun bahslashdi.

Musobaqaning ochilish marosimida Prezidentimiz rahnamoligida o‘sib kelayotgan avlodning ma’nan va jismonan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanib, o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda.

Bunday ezgu ishlar samarasida paralimpiyachilarimiz qit’a va jahon chempionatlarida, Paralimpiya va Paraosiyo o‘yinlarida yuksak natijalarni qo‘lga kiritmoqda.

Birgina 2014-yilgi xalqaro musobaqalarda hamyurtlarimiz 38 oltin, 16 kumush, 9 bronza, jami 63 medalni qo‘lga kiritgani buning yorqin isbotidir. Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan II Paraosiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari 22 oltin, 5 kumush va 4 bronza medalni qo‘lga kiritib, qirqdan ziyod davlat orasida beshinchi o‘rinni egalladi.

Prezidentimizning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, iqtidorli yengil atletikachilarni aniqlash va milliy terma jamoa safiga jalb etish maqsadida tashkil etilgan musobaqa murosasiz bahslarga boy bo‘ldi.

– Musobaqada g‘olib chiqqanim va milliy terma jamoaga qabul qilinganimdan juda xursandman, – deydi andijonlik Bekjon Chevarov. – 2016-yili Braziliyada o‘tkaziladigan XV Paralimpiya o‘yinlarida Vatanimiz shuhratini yanada ulug‘lash uchun bor kuch va mahoratimni ishga solaman.

Musobaqa yakunida Bekjon singari to‘rt nafar yengil atletikachi yengil atletika bo‘yicha paralimpiya terma jamoasiga qabul qilindi. G‘oliblar medal, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.