Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi” da O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uning viloyat bo‘limi tomonidan “Ommaviy axborot vositalarida “Mahorat maktablari” va “ustoz-shogird” an’anasi” mavzusida mintaqaviy seminar o‘tkazildi.
2022 yil 27 iyunda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ular faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kadrlar salohiyati va raqobatbardoshligini yanada oshirish, jurnalistika sohasini rivojlantirish maqsadida “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Prezident qarori qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, “2022-2023 yillarda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash hamda jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi” tasdiqlandi. OAV tahririyatlari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uning hududiy bo‘limlarida taniqli jurnalistlarning bo‘lajak jurnalistlar uchun ustoz-shogird an’anasi asosida “Mahorat maktablari” ni tashkil etish belgilangan.
[gallery-10928]
Navoiy va Buxoro viloyatlari OAV vakillari va yosh jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.v.b. Xolmurod Salimov, uyushmaning hududiy bo‘limlari raislari Otabek Aslonov va Baxtiyor Asadovlar mazkur qaror ijrosi doirasida Uyushma boshqaruvi apparati hamda uning hududiy bo‘limlarida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, taniqli jurnalistlarning bo‘lajak soha vakillari uchun “ustoz-shogird” an’anasi asosida tashkil etilgan “Mahorat maktablari” hamda “Yosh jurnalistlar” to‘garaklari faoliyati xususida so‘z yuritdi.
– “Salomatlik” gazetasi tahririyati qoshida “Mahorat maktabi” ni ochganimizga bir yildan oshdi, – deydi “Salomatlik” gazetasi bosh muharriri Ibrohim Jumayev. – Tinglovchilarimizga jurnalistika sohasining talablari, jurnalist mas’uliyati, gazeta, internet nashrlari, radio va televideniyega materiallar tayyorlash, jurnalistika janrlari haqida tushunchalar berish bilan birga olgan bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berdik. O‘quv jarayoniga viloyatimizdagi taniqli jurnalist va OAV vakillarini jalb qildik. O‘ylaymanki, mehnatimiz o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.
– Seminar davomida navoiylik hamkasblarimiz bilan yaqindan tanishib, hududda tashkil etilgan “Mahorat maktablari” da olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi “Buxoro shifokori” gazetasi mas’ul kotibi Hamza Turdiyev. – Albatta, bugun olgan taassurotlarimizni o‘zimizda tashkil etilgan “Mahorat maktablari” tinlovchilari bilan o‘rtoqlashamiz, yutuqlarni amaliyotga joriy etamiz.
Seminarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olish bilan birga, o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.
Tadbir doirasida buxorolik OAV vakillari “Salomatlik” gazetasi qoshida bosh muharrir Ibrohim Jumayev tomonidan tashkil etilgan “Mahorat maktabi” faoliyati bilan yaqindan tanishib, bo‘lg‘usi yosh jurnalistlar bilan suhbatlashildi.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA