Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahorat maktabini yaratgan san’atkor
14:53 / 2024-01-03

Atoqli san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov kino, teatr, dublyaj san’atida o‘ziga xos maktab yaratgan ijodkorlardan sanaladi. Uning sahnada, kinoda ijro etgan ko‘plab qahramonlari muxlislarga yaxshi tanish.

Yo. Ahmedov 1938 yilning 3 yanvar kuni Namangan viloyatida tavallud topgan. U bolaligidan Namangan viloyat musiqali drama va komediya teatrining spektakllarida qatnashib turgan. 

1959 yilda Toshkent teatr va rassomlik instituti – hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tamomlaydi. 1958 yildan boshlab, ko‘p yillar davomida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida aktyor, teatr direktori bo‘lib faoliyat yuritdi. 

2015 yildan boshlab, O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Aktyorlik mahorati” yangi maktab-studiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. 

Yoqub Ahmedov teatrda ellikdan ortiq, kinoda qirqdan ortiq rollarni ijro etdi. Ayniqsa, Oybekning “Navoiy” asari asosida ishlangan ko‘p seriyali videofilmda ustoz san’atkor talqinidagi Alisher Navoiy siymosi tomoshabinlar mehri va e’tiborini qozongani, yuksak ijro mahorati bilan diqqatga sazovordir. Shuningdek, Yoqub Ahmedov o‘zbek tiliga tarjima qilingan 400 dan ortiq filmlar dublyajida qatnashdi. 

Ayni paytda tabarruk 86 yoshni qarshilayotgan san’atkorga yanada uzoq umr, mustahkam sog‘lik tilaymiz. 

N.Usmonova, O‘zA