O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi hamda “Salomatlik” gazetasi tahririyati hamkorligida “Mahorat maktabi” o‘z faoliyatini boshladi.
“Mahorat maktabi”ga faxriy jurnalist, “Salomatlik” gazetasi bosh muharriri Ibrohim Jumayev rahbarlik qiladi.
Ta’kidlanganidek, “Mahorat maktabi”ni tashkil etishdan asosiy maqsad, jurnalistika sohasiga yoshlarni qiziqtirish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida bosma va elektron ommaviy axborot vositalarining o‘rni hamda axborot tarqatishda tezkorlik, shaffoflik, haqqoniylik prinsipiga asoslangan maqolalar, ocherk va publitsistik, muammoli va tanqidiy maqolalar tayyorlash jarayonlarini keng tushuntirish, amaliy jarayonlar orqali jurnalistika sohasiga qiziquvchi yoshlar bilim doirasini, dunyoqarashini kengaytirishdan iborat.
– Internetning paydo bo‘lishi axborot tezligini oshirdi, – deydi Ibrohim Jumayev. – bugungi kunda sohada kadrlarga bo‘lgan talab oshishi bilan ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritadigan jurnalistlarga katta ehtiyoj sezila boshladi. Axborotning haqqoniyligi, tezkorligi, shaffofligi albatta malakali jurnalistlar bilimi bilan bog‘liq.
[gallery-4897]
“Mahorat maktabi”ning asosiy maqsadlaridan biri sohani mukammal egallaydigan, turli janrlarda keng mulohaza yurita oladigan yoshlarni tanlab, ularning matbuotga, kitobga bo‘lgan qiziqishini orttirib, ijodiy kamolot sari imkon qadar to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishga erishishdir.
bugungi kunda faoliyat olib borayotgan bosma va elektron OAVlarda ishlayotgan jurnalistlar soni sanoqli. Ularning ham ko‘pchiligini boshqa kasb egalari tashkil qiladi. Bu esa sohaga qiziquvchi yoshlarni tarbiyalab, kelgusida o‘z kasbining mohir egalari qilib tarbiyalashni talab etadi.
– O‘zim she’r va kichik xabarlar yozib, matbuotda qatnashib turaman, – deydi Navbahor tumanidagi 34-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi, tuman yoshlar ittifoqi sardori Lobar Davronova.
– Maqolalar yozishda maktabimizdagi ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilarimizdan so‘rab, ularning bergan tavsiyalariga amal qilaman. Bugun esa ustozimiz Ibrohim Jumayev tomonidan tashkil etilgan “Mahorat maktabi” a’zoligiga qabul qilindim. Albatta, kelgusida ustozning bergan ko‘rsatma va tavsiyalariga amal qilgan holda jurnalistika sohasida o‘qib, yetuk kadr bo‘lib yetishishga harakat qilaman.
Tadbirda “Mahorat maktabi”ning ilk ishtirokchilariga “A’zolik guvohnomasi” topshirildi va kelgusida viloyatda yana faxriy jurnalistlarning “Mahorat maktabi”ni ochishga kelishib olindi.
Abduvali Bo‘riyev. Siroj Aslonov (surat), O‘zA