Sayxunobod tumanining Paxtaobod mahallasida joylashgan “Kurash maktabi” da O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, kurash bo‘yicha Osiyo va Jahon chempioni, shuningdek, 2022-yilgi Xanchjou Osiyo o‘yinlari g‘olibasi Hilola Ortiqboyeva ishtirokida mahorat darsi tashkil etildi.
Hilola Ortiqboyeva 2005-yilda Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi Beshbuloq qishlog‘ida tug‘ilgan. U kurash bo‘yicha bir qator yirik xalqaro musobaqalarda, jumladan Osiyo chempionati, Jahon chempionati va Yozgi Osiyo o‘yinlarida bir necha marta chempionlik unvonlariga erishgan.

Xususan, 2022-yilgi Jahon chempionatida 52 kg vazn toifasida jahon chempioni unvoniga erishgan va Xitoy Xalq Respublikasidagi Xanchjou shahrida o‘tkazilgan Xanchjou 2022 Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan. Bu yutuqlari uchun “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan.

Mahorat darsi tuman prokuraturasi, viloyat kurash federatsiyasi hamda tuman sport maktabi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Ushbu tadbirda sport maktabi kurash bo‘limining shug‘ullanuvchilari, ularning murabbiylari va yosh havaskor sportchilar ishtirok etishdi.

Hilola dars davomida o‘zining sportdagi tajribasi, erishgan yutuqlari, musobaqalarga tayyorgarlik jarayoni hamda xalqaro musobaqalarda samarali ishtirok etish sirlari haqida atroflicha so‘z yuritdi. Shuningdek, u amaliy mashg‘ulotlar orqali texnik va taktik usullarni namoyish etdi, yosh sportchilarga qimmatli tavsiyalar berdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar sportchiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar berishib, uning maslahatlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lishdi.

– Sayxunobodda Jahon va Osiyo chempioni Hilola Ortiqboyeva ishtirokida o‘tkazilgan mahorat darslarimiz yosh sportchilar uchun faqat ilhom manbai bo‘libgina qolmay, balki ular uchun katta rag‘bat ham bo‘ldi. Chunki chempion ham ular kabi yosh bo‘lib, oddiy qishloq maktabidan chiqqan. Nasib qilsa, bu kabi mahorat darslarini boshqa sport maktablarida ham o‘tkazishni rejalashtirganmiz, – deydi O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi viloyat bo‘limining boshlig‘i Ma’murboy Umarov.
G‘ulom Primov, O‘zA