French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyini bilasizmi?
16:05 / 2024-01-19

19 yanvar – Mahmudxo‘ja Behbudiy tug‘ilgan kun

Mamlakatimiz tarixida milliy o‘zlikni anglash, xalqimizni ilm-ma’rifatli qilishga qaratilgan jadidchilik harakati alohida o‘rin tutadi. Aynan jadidlar tashabbusi bilan o‘zbek matbuotiga asos solindi, ilk maktablar tashkil etildi, darsliklar yaratildi.  

Ulug‘ ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy ushbu jarayonning eng faol namoyondalaridan biridir. U xalqni ilm-ma’rifatli qilish maqsadida dastlab gazeta, jurnal chop etdi, yangi maktablar ochib, darsliklar yozdi. Odamlarni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish uchun “Padarkush” dramasini yozib, uni o‘z uyida sahnalashtirib, namoyish etdi va xalqni ilmsizlikning oqibatidan ogoh qildi. O‘z xonadonida kutubxona tashkil etdi. Bir so‘z bilan aytganda, butun hayotini xalqni ma’rifatli qilishga bag‘ishladi.  

Bugun ham xalqimiz uchun ana shunday fidoyilar zarurligini nazarda tutib, davlatimiz rahbari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining yig‘ilishida “Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”, deya alohida ta’kidlagani bejiz emas.  

Respublika Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 13 apreldagi qarori bilan Samarqand shahridagi Mir Said Baraka ko‘chasi 47-uy – Mahmudxo‘ja Behbudiy yashagan xonadonda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi filiali sifatida Behbudiy uy-muzeyi tashkil qilindi.  

Muzey ekspozitsiyalari ilmiy konsepsiyaga asoslangan bo‘lib, unda Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi, jadidchilik tarixi, XX asr boshlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy voqeliklarga doir ma’lumot va ashyolar namoyish etilmoqda.  

– Behbudiy “Turkiston jadidlarining otasi” degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan, chunki u Samarqandda o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhit yaratgan, – deydi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi mudiri Gulmamat Ahmedov. – Xususan, uning tashabbusi  bilan 1903 yilda Said Ahmad Siddiqiy bilan birgalikda Samarqand atrofidagi Halvoyi mahallasida, Abdulqodir Shakuriy bilan birgalikda Rajabamin mahallasida yangi maktablar tashkil etiladi. “Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti va ijodi” ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan “Muxtasar tarixi islom”, “Alifboi maktabi islomiya”, “Amaliyoti islomiya”, “Matqali jug‘rofiyaumroni” asarlari ana shu yangi usul maktablari uchun darslik sifatida yaratilgan.

Ekspozitsiyadan Behbudiy bilan bir davrda ijod qilgan jadidlarning asarlari ham o‘rin olgan. Bular Said Vasliy qalamiga mansub “Madaniyat va zoifa  shariyati islomiya”, Said Ahmad Siddiqiy qalamiga mansub va Abdulqodir Shakuriy tomonidan chop etilgan “Anjumani arvoh”, Munavvarqori qalamiga mansub “Islom aqidalari” , Abulqosim Oxunzoda Ganjiyning “Risolai ittihodiya” asari, Abduqodir Shakuriyning “Jomi-ul hikoyot” asarlaridir.

Muzeyning “Mahmudxo‘ja Behbudiyning ijodxonasi” deb nomlangan ekspozitsiyasi alohida ahamiyatga ega. Mazkur bo‘limda Behbudiy foydalangan kreslo mavjud. Shuningdek, XIX asr oxiri XX asr boshlarida foydalanilgan uy-ro‘zg‘or buyumlari – mis ko‘za, kitob o‘qish uchun lavh, qalamdon, kitob tashish uchun teridan ishlangan xalta va boshqa ashyolar joylashtirilgan. 1903 yildan ishlab chiqarila boshlangan va Turkistonda keng tarqalgan “Kontinental’” yozuv mashinkasi ham muzeyning qimmatli buyumlaridan hisoblanadi.  

“Behbudiyning zamondoshlari, safdoshlari va shogirdlari” bo‘limida archa qipig‘i va tut daraxtidan qo‘lda yasalgan globus joy olgan. Globus Mahmudxo‘ja Behbudiy davrida boshqa fanlar qatori geografiya va kartografiya ham rivojlanganligining belgisidir. Qolaversa, Behbudiy o‘zi tashkil qilgan yangi usul maktablaridan birida geografiyadan dars berganligi to‘g‘risada ma’lumotlar bor.

– Mahmudxo‘ja Behbudiy noshirlik yo‘nalishida samarali ijod qilgan hamda bu borada o‘ziga xos maktab yaratgan, – deydi Gulmamat Ahmedov. – Muzeydagi noyob eksponatlar orasida  olim tomonidan XX asr boshlarida nashr qilingan “Samarqand” gazetasining 45-soni va  “Oyna” jurnalining  bir necha sonlari bor. Muzeyning noshirlik xonasi intererida asosiy e’tibor Behbudiyning noshirlik faoliyatini yoritishga qaratilgan. Turkistonda nashr ishlari bilan dastlab podsho Rossiyasi statistika qo‘mitalari shug‘ullangan. Shu sababdan 1868 yildan 1910 yilgacha nashrlarning asosiy qismini rus tilidagi gazetalar tashkil etgan.

XX asr boshida, aniqrog‘i, 1913 yildan Behbudiy ham matbuot ishlari bilan shug‘ullangan. O‘sha yil aprel oyidan rus-o‘zbek va forsiy tillarda “Samarqand” gazetasini chiqaradi. 45-sondan keyin moddiy tanqislik tufayli gazeta chiqishi to‘xtagan. O‘sha yilning 20 avgustidan u “Oyna” jurnalini chiqara boshlaydi. Bu suratli haftalik jurnal asosan o‘zbek tilida bo‘lib, unda ixcham forsiy she’rlar, maqolalar, ruscha e’lonlar ham berib borilgan. “Nashriyoti Behbudiya” nomi bilan o‘z xususiy nashriyotini ochadi. Fitratning “Bayonoi sayyohi hindi” asarini 1913 yilda ruschaga tarjima qildirib, nashr etadi.

Prezidentimiz jadidlar haqida to‘xtalarkan “Ma’rifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi tabiiy.  

Bu kimgadir yoqadimi yoki yo‘qmi, xalqimiz jadid bobolarimiz ko‘rsatib bergan yo‘ldan og‘ishmay borishi kerak. Chunki ularning g‘oya va dasturlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohangdir”, deya alohida qayd etdi.  

Demak, Behbudiy va uning zamondoshlarining hayoti, ijodi va faoliyatini o‘rganish bugungi kunning, yosh avlodning muhim vazifasi sanaladi. Bunda muzeylar muhim o‘rin tutadi.

Kezi kelganda ta’kidlash joizki, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi mas’ullari tomonidan tarixchilar, muzeyshunoslar, san’atshunoslar va keng jamoatchilik uchun mo‘ljallangan Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi katalogini nashr etgan. Bu ulug‘ ma’rifatparvar va u yashagan davr bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/JzxOalWlBOA" title="19-yanvar – Mahmudxoʻja Behbudiy tugʻilgan kun" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

G‘.Hasanov, A.Isroilov (video),

O‘zA muxbirlari