Mahmudxo‘ja Behbudiy – Turkiston jadidchilik harakatining rahnamosi, millat kelajagi, uning baxtu saodati yo‘liga umrini bag‘ishlagan serqirra ijodkor edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 27 dekabrdagi “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mamlakatimiz va xorijda ma’rifatparvar bobomiz faoliyatiga oid ko‘plab anjumanlar, ilmiy asarlar taqdimotlari, davra suhbatlari o‘tkazildi.

Behbudiy merosi haqida atoqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor, ustoz ijodkor Nurboy Jabborov quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidchilik harakatining tan olingan rahnamosi, yangi maktab g‘oyasining asoschisi, birinchi o‘zbek dramaturgi, qalami o‘tkir publitsist, milliy matbuot rivojiga ulkan hissa qo‘shgan jurnalist hamda noshir sifatida Vatanimiz tarixida alohida o‘rin tutuvchi ulug‘ siymo. Shuning uchun ham Prezidentimiz deyarli har bir nutqida mutafakkir jadidlarimiz, ayniqsa, Mahmudxo‘ja Behbudiyning Vatan va millat ozodligi hamda taraqqiysi bilan bog‘liq qimmatli fikrlarini yodga oladi, buyuk ma’rifatparvarga munosib hurmat bajo etadi. Davlatimiz rahbarining: “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi tarixiy qarori bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda buyuk ma’rifatparvar faoliyatiga davlat siyosati darajasida e’tibor ko‘rsatilayotganiga yorqin dalil bo‘la oladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy Vatan va millatni taraqqiy ettirmoq uchun yangi avlodni tarbiyalab yetishtirish zaruratini birinchilardan bo‘lib his etdi. Shu maqsadda 1903 yili Samarqandda jadid maktabi ochdi. Bu maktablar uchun “Kitobatul atfol” (“Bolalar maktublari”) darsligini yaratdi. Darslik Turkiston yoshlarida rasmiy idoralarda ish yuritish malakasini hosil qilish, ularning huquqiy va yozma savodxonligini oshirishga qaratilgan edi. Ulug‘ mutafakkirning yangi maktab g‘oyasi asosida uch konseptual masala turadi: birinchisi, avlodning savodi o‘z ona tilida chiqmog‘i zarurligi; ikkinchisi, ta’lim jarayonini zamonga moslashtirish, ya’ni “usuli hijo” o‘rniga “usuli savtiya”ni joriy etish, tahsil usulini yangilash; uchinchisi, maktabda e’tiqodimiz asosi bo‘lgan diniy ilmlar bilan bir qatorda, zamon taqozosi hisoblangan dunyoviy fanlarni o‘qitish va bu orqali millatning mutaraqqiy xalqlar darajasiga yuksalmog‘iga xizmat qiladigan salohiyatli avlodni tarbiyalash.
Ulug‘ adib 1911 yili yozilgan “Padarkush” asari bilan milliy dramachiligimiz tamal toshini qo‘ydi. 1913 yil kitob holida bosilgan drama Samarqandda 1914 yilning 15 yanvarida sahnaga qo‘yildi. Drama xalqimiz tafakkuriga chaqmoqday ta’sir ko‘rsatdi. “Xalq nihoyat ko‘p kelib, belat yetmagani va joy yo‘qligi uchun uch-to‘rt yuz kishi qaytib ketdi”, deya xabar beriladi teatr haqida chiqqan maqolada. Dramadagi boy – o‘sha kezda farzandlarining zamon talablari darajasida ta’lim olishiga loqayd qaragan Turkiston, Toshmurod esa o‘sha davrdagi bilimsiz va dunyobexabar vatandoshlarimiz ramzi edi. Bu orqali Behbudiy millatni ilmsizlik va jaholat oqibatlaridan ogoh etdi, faqat ma’rifat vositasidagina dunyodagi mutaraqqiy davlatlar darajasiga yuksalish mumkinligini anglatdi.
Behbudiy milliy matbuotni yo‘lga qo‘ymay turib taraqqiyotga erishish imkonsiz ekanini e’tiborga olib, 1913 yil aprelidan “Samarqand” gazetasini chiqardi. Biroq gazeta 45 ta sonidan keyin yopildi. 1913 yil 20 avgustidan u “Oyna” jurnalini chiqara boshladi. Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston va Turkiyagacha tarqalgan bu jurnal xalqimiz qalbidagi milliy ozodlik ruhini kuchaytirishda muhim o‘rin tutdi.
Jadidchilikning Vatan va millat manfaatini ifodalagan g‘oyalarini kengroq miqyosda targ‘ib etish uchun nashriyotlar tuzish, kitob chop ettirish zarur edi. Ulug‘ ma’rifatparvar 1913 yili “Nashriyoti Behbudiya”ni ochdi. Jadid maktablari uchun darsliklar nashr ettirdi. Kutubxonani yo‘lga qo‘ydi. Kutubxonada turli mamlakatlarda chop etilgan diniy va dunyoviy kitoblar, rasmli jurnal va gazetalar, ensiklopediyalar,
lug‘atlar, xarita va atlaslar bilan tanishish mumkin edi. Behbudiyning «Samarqand-i kutubxona-i islomiy» maqolasida yozilishicha, o‘sha davrda kutubxona fondida 600 ta kitob va risolalar, undan ham ko‘proq gazeta va jurnallar bo‘lgan. Avvaliga 200, keyin 225 jildga ega bo‘lgan kutubxona 14 soat ishlagan. Ochilganidan yetti oy o‘tgach, u 125 a’zoga ega bo‘lib, jami 2000 ga yaqin kitobxonlarning ehtiyojini qondirgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy dunyo ko‘rib, tajriba o‘rgandi. Shu asosda Vatan va millatni taraqqiy ettirish yo‘llari bo‘yicha aniq tasavvur hosil qildi. 1914 yil 29 mayidan sayohatga chiqib, Kavkaz, Qrim va Istanbul orqali Yunoniston, Bayrut va Qohiragacha bordi. Temir yo‘l bilan Bulg‘oriston, Avstriya, Berlin va Rossiyani sayohat qilib, Turkistonga qaytdi. “Sayohat xotiralari”ni yozdi. Publitsist sifatida “Ikki emas, to‘rt til lozim”, “Muhtaram yoshlarga murojaat”, “Bizni kemirguvchi illatlar”, “Tanqid saralamoqdir”, “Til masalasi” kabi maqolalarida Turkiston hayoti uchun muhim masalalarni yoritdi.
1907 yil Turkiston muxtoriyati tuzilishidan roppa-rosa o‘n yil muqaddam Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston madaniy muxtoriyati loyihasini tuzib, tasdiqlatish uchun davlat Dumasiga taqdim etdi. Unda Turkiston maishiy, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-ma’rifiy hayoti bilan bog‘liq barcha masalalar qamrab olingan edi. Madaniy muxtoriyat loyihasi orqali u Turkiston ozodligi g‘oyasini ko‘zda tutgan. Afsuski, bu loyiha amalga oshmay qoldi.
1917 yil 27 noyabrga o‘tar kechasi “Turkiston muxtoriyati” e’lon qilindi. Bu mustamlakadan mustaqillik tomon qo‘yilgan jiddiy va jasoratli qadam edi. Behbudiy uning rahnamosi edi. “27 noyabrda Qo‘qonda Turkiston muxtoriyati umumiy musulmon s’ezdida e’lon qilindi. Muborak va xayrli bo‘lsun! Kamina ham majlisda bo‘lushdan iftixor etaman. Yashasun Turkiston muxtoriyati!” – deb yozgan edi Behbudiy. Lekin tarixiy-ijtimoiy sharoitning murakkab va ziddiyatli ekani bois muxtoriyat boy berildi.
Turkiston jadidchilik harakati karvonboshisi Mahmudxo‘ja Behbudiy 1919 yil 25 martida qatl etildi. Ta’kidlash kerak: Behbudiyni jisman mahv etgan qattol tuzum bugun Yer yuzida mavjud emas. Lekin ulug‘ ma’rifatparvarning ezgu nomi, ona-Vatanni va millatni taraqqiy ettirishga qaratilgan hayotbaxsh g‘oyalari hanuz yashamoqda. Bugungi kunda ham yangi O‘zbekiston ravnaqiga munosib xizmat qilmoqda.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova yozib oldi.