Ma’rifatning buyuk yo‘lida
Yurtimizda ulug‘ ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, hayoti va faoliyatini o‘rganish hamda ilmiy va badiiy asarlarini ommalashtirish yo‘lida muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Prezidentimizning 2024 yil 27 dekabrdagi «Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori ayni maqsadlarga hamohangdir. Bu borada yoshlarimizni o‘ziga jalb etadigan usullar orqali ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, mazmunan boyitilmoqda.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti akademik litseyida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlab “Ma’rifatning buyuk yo‘li“ mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi.
Ikki kun davom etadigan anjumanda respublikamizdagi barcha akademik litseylarning tarix, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari, tadqiqotchi izlanuvchan o‘quvchi-yoshlari bevosita va masofaviy ishtirok etmoqdalar. Tadbirda professor-o‘qituvchilar, xorijlik mehmonlar, jumladan, Turkiya elchixonasi va Ege universiteti dotsenti Ilmaz O‘zkaya hamda AQSHning Texas shtatidan Russell Xaley Danielle xonimlar ishtirok etmoqda.
[gallery-22900]
Anjumanning nomi bejizga “Ma’rifatning buyuk yo‘li“ deb atalmagan. Zero Behbudiy hazratlari ajdodlarimizni zulmatdan nur sari yetaklagan, milliy o‘zlik va uyg‘onish yo‘lida sobit qadam yurgan, o‘z umrini ma’rifatga, millatga bag‘ishlagan ulug‘ siymodir. Uning merosini o‘rganish, tadqiq etish, yosh avlodga yetkazish va eng muhimi, yoshlarni chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalashdagi o‘rni va ahamiyatini targ‘ib etish barchamiz uchun muhimdir.
– Turkiston jadidlari merosi, xususan, ularning yetakchisi hisoblangan Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyatiga murojaat qilar ekanmiz, zamonaviy davlat qurishdagi g‘oyalari, millatni ma’rifatli qilish yo‘lidagi maqsadlari yo‘lida hali ko‘p mehnat qilishimiz lozim bo‘ladi, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, professor Qahramon Rajabov. – Behbudiy, Fitrat, Munavvar qori va Fayzulla Xo‘jayevga o‘xshagan Turkiston taraqqiyparvarlarining faoliyati bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlariga o‘ziga xos bir saboq bo‘ladi. Ularning asarlarini o‘qir ekanmiz, tarixiy tajribadan unumli foydalangan holda, o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan tarixiy xatolarni takrorlamasdan Yangi O‘zbekistonni barpo qilamiz.
Darhaqiqat, bu shunchaki bir anjuman emas, balki ma’naviyatga ehtirom, ma’rifatga e’tibor, ajdodlar siymosiga e’tirof hamda kelajak avlod uchun mas’uliyat va milliy qadriyatlarga sadoqat timsolidir.
– Mahmudxo‘ja Behbudiy faqat O‘zbekistonda emas, balki turk dunyosida mashhur va ma’lum shaxsdir, – deydi Jahon tillari universiteti akademik litseyida dars berayotgan Turkiyaning Ege universiteti doktoranti Malika Bahorxonim. – U nafaqat muallim, balki yetuk dramaturg hamdir. Men O‘zbekistonga kelgach, Behbudiy va boshqa jadidlar haqida yaqindan o‘rgandim. Bu jarayonda Behbudiyning maqolalarini tanlab oldib, to‘rt tilga tarjima qildik va to‘plam shakliga keltirdik. Behbudiy ta’rifi bilan aytganda, “Ikki emas, to‘rt til lozim“ deb nomlangan ushbu to‘plamni nashr ettiramiz va ommalashtiramiz.
Tadbir davomida ishtirokchilar uchun jadidlarga bag‘ishlangan sahna asarlari namoyish etildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, adib hayoti va faoliyatini o‘rganish maqsadida anjumanning amaliy qismi akademik litsey o‘quvchilari bilan birgalikda Samarqand shahridagi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyida o‘tkaziladi.
Tadbirni qo‘yidagi havola orqali batafsil ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4rm3QrikolI" title="Maʼrifatning buyuk yoʻlida Mahmudxoʻja Behbudiy" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA