O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
XX asrdagi milliy uyg‘onish davri adabiyotining buyuk namoyandasi, millat xodimi sharafiga muyassar bo‘lgan millatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning 2 tomlik “Tanlangan asarlar”i O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitobning birinchi jildidan adibning badiiy ijod namunalari, 1903-1918 yillarda e’lon qilingan ijtimoiy-siysiy maqolalari, nutqlari, ikkinchi jildidan esa adabiy-tanqidiy va publitsistik maqolalari, safar xotiralari, xatlari, zamondoshlarining o‘zbek va rus tillaridagi esdalik va bag‘ishlovlari joy olgan.
Shuningdek, “Tanlangan asarlar” orqali ilk bor Mahmudxo‘ja Behbudiy olg‘a surgan siyosiy loyihalar, uning mahalliy va “Ulfat”, “Tarjimon”, “Sho‘ro” kabi xorijiy nashrlarda bosilgan maqolalari, ayrim arxiv materiallari bilan ham tanishasiz.
Ta’kidlash joizki, o‘zbek xalqining o‘tgan asrdagi buyuk mutafakkiri, adib, publiitsst, jamoat hamda din arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 140 yilligiga tuhfa sifatida tayyorlangan ushbu ikki jildli “Tanlangan asarlar” avvalgi nashrlarga nisbatan to‘la va mukammalligi bilan ajralib turadi.
“Matlabim – arzi hunar va izhori fazl emas, ahli Vatanga qo‘lumdan kelguncha bir xizmatdur” deya yozgan edi buyuk ma’rifatparvar adib.
Uning yozganlarini mutolaa qilarkansiz, bugungi global va tez o‘zgarayotgan, qadriyatlar va xalqaro qoidalar chilparchin bo‘layotgan dunyoda bugungi kun odamlari, xususan, yoshlarni ilm olishga, Vatanni, Yurtni sevishga, qadrlashga va zarur bo‘lsa, himoya qilishga chorlaguvchi da’vat, o‘git o‘laroq yangrab turganini yurak-yurakdan his etib turasiz.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Tanlangan asarlar”ini, albatta, o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA