Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zining 45 yillik ijodiy faoliyati mobaynida nafaqat ma’rifatparvar va jadidchilik harakati yetakchisi, balki tarixchi olim ham bo‘lgan. U turli fanlar sohasida bilimga ega, jumladan, tarixga alohida e’tibor qaratgan mutafakkir sifatida jamiyat hayotida tarix fanining o‘rni va ahamiyati haqida mukammal fikrlar bildirgan.
Behbudiyning ta’kidlashicha, tarix bu faqat o‘tmish voqealari to‘plami emas, balki jamiyatning taraqqiyot yo‘lini belgilaydigan muhim omildir. U “Moziy – istiqbolning tarozusidir” degan fikr bilan tarixiy tajribani o‘zida jam etgan va tarix fanining siyosiy boshqaruv, jamiyat ongliligi, iqtisodiy va madaniy rivojlanishdagi ahamiyatini ochib bergan.
“Tarix va Jug‘rofiya” nomli maqolasida u bu fanlarni jadid maktablari ixtirosi emas, balki insoniyat hayotida ildiz otgan ilmiy sohalar deb atagan. Shuningdek, tarix va jug‘rofiyani o‘rganish xalqning ma’naviy yuksalishi va jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun zarurligi ta’kidlangan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy tarix fanining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida islom tarixini ko‘rgan. U Qur’on va hadislar orqali tarixni o‘rganishning nafaqat ma’naviy, balki ijtimoiy ahamiyatini isbotlagan. Behbudiyning fikricha, islom tarixini bilmaslik din xizmatchilarini noto‘g‘ri yo‘lga solishi mumkin va bu holat jamiyat uchun salbiy oqibatlarga olib keladi.

U o‘zining mashhur so‘zlarida ta’kidlaganidek: “Dunyoga yashamoq uchun, diyonatli bo‘lmoq uchun, komil va odil inson bo‘lmoq uchun tarix o‘qumoq kerak.” Bu fikrlar tarixni o‘rganish faqat akademik ish emas, balki har bir shaxs uchun hayotning muhim qirrasi ekanini ko‘rsatadi.
Behbudiy tarixni o‘rganishga nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham katta e’tibor bergan. Uning kutubxonasida tarixga oid kitoblar 70 foizdan ziyodni tashkil etgan. “Madaniyat tarixi”, “Islom tarixi”, “Umumiy tarix”, “Turklar tarixi”, “Usmoniylar tarixi ko‘zgusi” kabi ko‘p jildlik asarlar, shuningdek, “Temur”, “Islom olami va Yevropa XX asrda”, “Amerikaning kashf etilish tarixi” kabi kitoblar tarix fanining turli sohalarini qamrab olgan.
Shuningdek, u otasi sharafiga “Nashriyoti Behbudiya” nomli xususiy nashriyotni tashkil etgan, Buxoro, Qo‘qon, Namangan, Toshkent, Andijon va Samarqandda kitob do‘konlari ochib, nafaqat kitob sotuvi, balki qiroatxona sifatida ham faoliyat yuritgan. Ushbu do‘konlarda dunyoning turli burchaklaridan keltirilgan kitoblar faol savdoga qo‘yilgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy tarixni ilm va ma’rifatning asosiy rukni sifatida ko‘rgan, uning ahamiyatini jamiyatning ma’naviy taraqqiyoti, din va davlat arboblari uchun zarur asos deb bilgan. Tarixiy bilimsiz har qanday ilm mukammal bo‘lolmaydi va bu g‘oyalar orqali u o‘z zamondoshlariga yangi ma’rifat yo‘lini ochgan. Uning ilmiy merosi bugungi kunda ham O‘zbekistonning milliy ta’lim va ma’rifat sohasida muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xurshid Qurbonov,
Navoiy davlat universiteti qoshidagi
“Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
O‘zA