Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahmudxo‘ja Behbudiy jismoniy mahv etilgani bilan ma’naviy yo‘q qilinmadi! (+video)
21:10 / 2024-01-19

Jadid kim? Jadid, bu – bugun ham, o‘tmishda ham jamiyatni rivojlantirishga xizmat qiladigan, yangiliklarni hayotga tatbiq etishga, dunyoda tenglar ichra teng bo‘lgan davlatni qurishga intiladigan, qiyinchiliklardan qo‘rqmaydigan, yaratuvchi insondir.

Jadidchilik harakati namoyondalaridan biri – ulug‘ alloma Mahmudxo‘ja Behbudiy xalq taqdiri, farovon hayoti hamda yurt taraqqiyoti uchun murakkab tarixiy davrda jaholatga qarshi ma’rifat, yangicha dunyoqarash bilan kurashgan. Shu bois, mamlakatimizda ma’rifatparvar ajdodlarimizning jasoratli hayot yo‘llariga nazar tashlash, ular qoldirgan boy ma’naviy merosni o‘rganishga, tavallud sanalarini nishonlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Jumladan, Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 149 yilligi munosabati bilan bugun “Mahmudxo‘ja Behbudiy publitsistikasi va jadid matbuotida ijtimoiy-siyosiy masalalarning yoritilishi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja bugungi O‘zbekistonni bahorga o‘xshatishini, buning boisi bobolarimiz siymosi qayta tiklanayotganini ta’kidladi.  

– Konferensiyani aynan shu bugun, 19 yanvar kuni o‘tkazayotganimiz bejiz emas. Bundan 149 yil ilgari – 1875 yil aynan shu kuni Turkiston jadidchilik harakatining tan olingan rahnamosi, din va jamoat arbobi, yangi usul maktablari, milliy matbuot va o‘zbek dramaturgiyasi asoschi, muharrir va publitsist alloma Mahmudxo‘ja Behbudiy tavallud topgan. Bugun xalqimiz, millatimiz uchun ulug‘ kun, hatto bu kunni millatimizning bayrami, desak ham, mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Ma’rifatparvar bobomiz shaxsi haqida, uning xalq va millati uchun qilgan beqiyos xizmati haqida shunchaki gapirib bo‘lmaydi. Boisi, uning nihoyatda murakkab davrda kechgan mashaqqatli hayot yo‘li, siyosiy, ilmiy, ijodiy faoliyati nihoyatda keng, sermazmun va serqirradir. Shuning uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi adabiyot, tilshunoslik, dinshunoslik, siyosat, tarix, falsafa, geografiya kabi qator fanlar doirasida o‘rganilgan. Milliy va xorij ilm-fanida juda ko‘p tadqiqotlar yaratilgan. Tabiiyki, matbuot, jurnalistika sohasi ham mustasno emas. Chunki Behbudiy milliy mustaqillik uchun qilgan barcha harakatlarini matbuot orqali amalga oshirgan. 

Mahmudxo‘ja Behbudiy “Samarqand” gazetasi va ilk milliy jurnal “Oyina”ga asos soldi. 1906 yilda “Rusiya musulmonlari ittifoqi”ning Nijniy Novgorodda o‘tkazilgan qurultoyida o‘zbek ziyolilaridan birinchi bo‘lib ishtirok etgan va nutq so‘zlagan. Muxtoriyat sho‘rolar tomonidan bostirilgach, Behbudiy 1919 yilning erta bahorida mamlakatdan chiqib ketayotganida Shahrisabzda inqilobiy favqulodda komissiya ayg‘oqchilari ko‘magida Buxoro amirligi odamlari tomonidan qo‘lga olinib, Qarshida zindonga tashlanadi va qatl etiladi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NMyZxjhGdvo" title="Mahmudxoʻja Behbudiy jismoniy mahv etilgani bilan maʼnaviy yoʻq qilinmadi!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Uning qabri qayerdaligi noma’lum. Makkor tuzum milliy matbuotimiz asoschisi, bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyni jismoniy mahv etgani bilan ma’naviy yo‘q qila olmadi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili 27 iyun – “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida yetuk kadrlarni tayyorlashda, eng avvalo o‘zimizning boy ma’naviy merosimizga tayansak, albatta natija bo‘lishini, bu borada jadidlar, ulug‘ alloma va publitsist Mahmudxo‘ja Behbudiyning milliy jurnalistika maktabi, ayniqsa muhim ahamiyatga egaligini qayd etgandi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari uchun Behbudiy nomidagi stipendiyani ta’sis etish taklifini ilgari surdilar. Bizga bildirilgan bu ishonch, jiddiy mas’uliyat ham yukladi. Negaki, milliy jurnalistikaning tamal toshini qo‘ygan jadid bobolarimizning hayoti va ijodi, millat va mamlakat ravnaqi yo‘lida qilgan zahmatli, sharafli xizmatlarini o‘rganish bizning ma’naviy burchimiz. Shu maqsadda universitetimizda Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi jadid matbuoti ilmiy maktabi tashkil etilib, talabalar uchun Behbudiy nomidagi stipendiya ta’sis qilingan.  

O‘ylaymanki, kelgusida talabalar jadid matbuoti va uning namoyondalari faoliyatining o‘rganilmagan sahifalarini tadqiq etadi, ular haqida maqolalar, jurnalistik asarlar yaratadi, bitiruv malakaviy ishlari, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari yozadi.  

Biz bugun jadidlar haqida, uyg‘onish haqida gapiryapmiz. Uyg‘onish nima o‘zi? Uyg‘onish – halovatdan kechib, bobolarning, shuningdek, bugungi taraqqiy etgan dunyo yangiliklarini tezlik bilan qabul qilishni o‘rganish va ularni o‘zimizga moslab hayotga tatbiq qilishda namoyon bo‘ladi, – dedi Sherzodxon Qudratxo‘ja.  

Darhaqiqat, tavallud doirasida o‘tkazilayotgan bugungi konferensiyaning asosiy maqsadi Mahmudxo‘ja Behbudiy va jadid matbuotining boy merosi va an’analarini o‘rganish, mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlardan xabardor bo‘lish, kelgusida xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalarni yo‘lga qo‘yishdir.

Behruz Xudoyberdiyev, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA