Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazida viloyat Pedagogik mahorat markazi tomonidan “Mahmudxo‘ja Behbudiy – istiqlol fidoyisi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda Behbudiyning yangi usuldagi maktablar faoliyatini tashkil etish, darsliklar yozish, kutubxona ochish kabi ijtimoiy faoliyati va mustaqil fikrlashga chaqiradigan g‘oyalari haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, Mahmudxo‘ja Behbudiyning uy muzeyi, undan o‘rin olgan noyob tarixiy ashyolar, 1913 yildan chiqa boshlagan “Samarqand” gazetasi hamda “Oyina” jurnali Samarqand matbuoti taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ilm-ma’rifatni targ‘ib qilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy ma’naviy merosi kelajakda yoshlarga har tomonlama ibrat namunasi bo‘lib, ularni ilmli va ma’rifatli qilib tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi.

Tadbir yakunida Navoiy shahar madaniyat bo‘limiga qarashli “Durdona” folklor ansambli jamoasi tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri