O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan “Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati” mavzusida Respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi tashkil etildi.
O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, tilshunos olim Nizomiddin Mahmudov va boshqalar mamlakatimizda taraqqiyparvar bobolarimiz hayoti, faoliyatini o‘rganishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

– Bugun xorijlik olimlar ham Behbudiy merosini o‘rganish borasida O‘zbekistondan sira ortda qolmayapti, – dedi adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Marhabo Qo‘chqorova. – Negaki, ma’rifatparvar bobomizning shonli hayoti shunga arziydi. Behbudiy – Vatan, millat manfaati deb o‘z jonidan kechgan, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida qo‘lidan nima kelgan bo‘lsa, shularning barini amalga oshirgan inson. Uning “Padarkush” dramasi Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy va yana boshqa ko‘plab ijodkorlarning asarlari yaratilishiga turtki bo‘lgan. U o‘z asarida millatning fojeasini, ijtimoiy-maishiy muammolarini yaqqol ko‘rsatib berdi. Millatni jaholatdan ma’rifat orqali qutqarish mumkinligini ko‘rsatdi. O‘ylaymanki, yurtimizda tadqiqotlar uchun yaratilgan sharoitlar bu boradagi savollarga javob topish imkonini beradi.

Anjumanda e’tirof etilganidek, Behbudiyning orzusi millat oydinlarining orzusi edi. Alloma bobomizning fikricha, biz o‘z qiyofamizni ko‘rish uchun teatr, adabiyot albatta kerak. Ezgu yangiliklar, ma’rifat, yurt taraqqiyoti uning azaliy maqsad-muddaosi edi. Istiqlol sharofati bilan Mahmudxo‘ja Behbuniy nomini tiklash, uning faoliyati, o‘ta og‘ir va sharafli hayotini o‘rganish borasida yangi imkoniyatlar ochilgan ekan, ular bu borada qiziqarli ma’lumotlar, tadqiqotlarga imkon yarataveradi.
Konferensiyada “Mahmudxo‘ja Behbudiyning Taraqqiyot konsepsiyasiga doir yoki Behbudiyning bebaho orzusi”, “Kelar zamon uchun hozirlanaylik”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy milliy davlatchilik asoslari haqida”, “Behbudiy ijodida taraqqiyparvarlik g‘oyalari talqini” kabi qiziqarli mavzulardagi ma’ruzalar muhokama etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri