Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahmudjon Adashev: “Otam bilan faxrlanaman”
14:43 / 2023-05-09

Mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan Namangan shahridagi “Xotira xiyoboni”da ham tantanali marosim o‘tkazildi.

Tadbirga yig‘ilganlar qalbida g‘urur-iftixor, bugungi dorilomon kunlarga shukronalik hissi jo‘sh urgan. Yurtimiz tinchligi uchun butun insoniyatni fashizm balosidan qutqarish uchun jonini qurbon qilgan mard o‘g‘lonlar xotirlandi. Jasur dilbandlarini kutib, ilhaq o‘tgan munis onalar, vafo timsoli bo‘lmish yorlari, aziz farzandlari boshidan o‘tkazgan musibatlar takrorlanmasin.  

Namangan viloyati hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori rahbari Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi sektorlar rahbarlari, huquqni muhofaza qilish idoralari, boshqarmalar, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, ta’lim muassasalari vakillari, faol yoshlar harbiy orkestr sadolari ostida xiyobondagi “Motamsaro ona” haykali poyiga gullar qo‘ydi.  

Ikkinchi jahon urushida mardlarcha halok bo‘lgan minglab vatandoshlarimizning porloq ruhiga hurmat bajo keltirildi. Yig‘ilganlar maydondagi “Xotira kitobi” ni varaqlab, o‘tganlarni yod etdi. Muazzam yodgorlikka gul qo‘yish barcha O‘zbekiston onalariga yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir. Motamsaro onaning dil kechinmalari: “Sen doimo qalbimdasan, jigarim!”, degan so‘zlarini ona go‘yo Vatan bo‘lib, xalq bo‘lib aytayotgandek...  

Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi yillarida Namangan viloyatidan frontga otlangan 67 ming 833 kishidan 3 ming 803 nafari janggohlarda halok bo‘lgan, 15 mingdan ortig‘i frontda bedarak yo‘qolgan. 2 ming 26 nafar matonatli vatandoshlarimiz turli darajadagi ordenlar bilan qaytgan.  

[gallery-11813]

Jumladan, Soli Adashev, Nabijon Mingboyev, Mixail Fayazov, Abdusattor Rahimov kabi o‘nlab namanganlik o‘g‘lonlar sobiq Ittifoq Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan. Ayni vaqtda viloyatda 7 nafar urush qatnashchisi hamda 599 nafar mehnat fronti faxriysi e’zozu ehtiromda umrguzaronlik qilmoqda. Joylarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda davlatimiz rahbarining farmoniga asosan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 18 million so‘m pul mukofoti va Prezident sovg‘alari, shuningdek, O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi tomonidan 1 million so‘mdan yordam pullari topshirildi.  

Front orti faxriylarining har biriga jami 165 million so‘mlik oshxona va mebel jihozlari, sakkiz turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tuhfa qilindi.  

– 9 may sanasi bizning oilamiz uchun unutilmas shodiyona sifatida yodga olinadi. Rahmatli padari buzrukvorim Soli Adashev Ikkinchi jahon urushida katta matonat ko‘rsatib, 21 yoshida sobiq sovet ittifoqi Qahramoni unvoniga, qator orden va medallarga sazovor bo‘lganlar, – deydi Namangan shahridagi mehnat faxriysi Mahmudjon Adashev. – Farzand uchun ota haqida gapirish mas’uliyat. Otam mash’um urushda mardonavor kurashganlar. Hatto ayozli qishda og‘ir holatda Dnepr daryosini avtomobil kamerasida suzib o‘tganlari, oziq-ovqat, yotoq uchun joy yetishmagani, qorlarning tagida qolib ketganlari haqida so‘zlab berardilar. Urushdan so‘ng xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida mas’ul va rahbarlik vazifalarida samarali faoliyat yuritdilar. Vafotidan keyin shahrimizdagi sobiq “Kolxoz” ko‘chasi otam – Soli Adashevning nomi bilan yuritib kelinmoqda.  

Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimlar viloyatning shahar va tumanlarida, mahalla va guzarlarida davom etmoqda. Bunday tadbirlar Ikkinchi jahon urushida qatnashgan ajdodlarimizning jasorati, yorqin xotirasi unutilmas ekanini yana bir bor yodga soladi. Bu yosh avlod qalbida vatanparvarlik, jasorat, mardlik tuyg‘ularini yuksaltirishi bilan yanada ahamiyatlidir.  

 

Oqilxon Dadaboyev,  

Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.