French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahmud Zamaxshariy tavalludiga 950 yil to‘ldi
13:25 / 2025-03-18

Vatanimiz tarixidagi 18 mart sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1075 yil (bundan 950 yil oldin) – hijriy 467 yil rajab oyining yigirma yettinchi kuni (milodiy 1075 yil 18 martda) Xorazm ilm-fan va madaniyatini dunyoga tanitgan buyuk siymo, arabshunos olim, shoir, yozuvchi va imom Abdulqosim Mahmud ibn Umar ibn Axmad Jarulloh Zamaxshariy tavallud topdi. Zamaxshariy “Arab va g‘ayri arablar ustozi”, “Xorazm faxri” kabi sharafli nomlar bilan ulug‘langan. U ko‘p asarlarini Makkada yozganligi uchun “Jorulloh” (“Allohning qo‘shnisi”) degan sharafli nomga muyassar  bo‘lgan. 

Zamaxshariy arab tili grammatikasi, lug‘atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, geografiya, tafsir, hadis va fiqhga oid 50 dan ortiq asarlar yaratgan. Ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan. Zamaxshariyning “Al-Mufassal” (“Grammatika bo‘yicha mufassal kitob”) asari arab tili nahvu sarfini o‘rganishda yirik qo‘llanma sifatida azaldan Sharqda ham, G‘arbda ham shuhrat topgan. Shom (Suriya) hokimi Muzaffariddin Muso kimdakim Zamaxshariyning ushbu asarini yod olsa, unga 5 ming kumush tanga va sarupo sovg‘a qilishni va’da bergan. Bir qancha kishilar asarni yod olib, mukofotga sazovor bo‘lishgan.

Zamaxshariyning “Al-Kashshof” asari Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan. Dunyoning turli qo‘lyozma xazinalarida “Al-Kashshof”ning 100 ga yaqin qo‘lyozmalari va asarning o‘ziga bitilgan 20 dan ortiq sharh va hoshiyalar mavjud. Qohiradagi mashhur Al-Azhar dorilfununining talabalari ham boshqa tafsirlar bilan bir qatorda Zamaxshariyning ushbu asari asosida Qur’on o‘rganadilar.

1400 yil (bundan 625 yil oldin) – mashhur avliyo, naqshbandiya tariqati asoschisi Bahouddin Naqshbandning birinchi xalifasi (shogirdi) Xoja Alouddin Attor Dehnav yaqinida vafot etdi. Manbalarda qayd etilishicha, Alouddin Attor ota merosidan voz kechib, Buxoro madrasalarining birida o‘qigan. U ko‘p o‘tmay Xoja Bahouddin nazariga tushgan. Alouddin Attor Buxoroda yashab, o‘z hovli-joyiga ega bo‘lgan va farzandlar ko‘rgan.

Bahouddin Naqshband Alouddin Attorni botin ilmiga mashg‘ul qiladi. Bundan Alouddin Attor nafaqat dunyoviy ilmlarda, balki tariqatda ham kamol topadi. U ellikdan ortiq asar yozib, ularda fanning deyarli barcha sohalarini aks ettirgan. Alouddin Attor Bahouddin Naqshband vafotidan so‘ng Chag‘oniyonning Dehnav (Surxondaryoning hozirgi Denovi)ga borib yashagan. Xoja Alouddin Attorning ko‘pgina shogird va muridlari bo‘lgan. 

1711 yil (bundan 314 yil oldin) – Abulfayzxon Buxoro taxtiga o‘tirdi. Hali ancha yosh bo‘lgan Abulfayzxonni (ba’zi manbalarda 11, ba’zilarida 16 yosh deb keltiriladi) nomigagina taxtga o‘tqizib, markaziy hokimiyatni zaiflashtirib qo‘yish orqali katta mol-mulkka ega bo‘lib olgan amirlar davlat boshqaruvida nufuzli lavozimlarni egallab olishadi. Javshan qalmoq yosh Abulfayzxonni xo‘jako‘rsinga taxtga o‘tqizib, hokimiyatni o‘zi boshqara boshlagan. Bu ashtarxoniylar sulolasi, umuman, Buxoro xonligi inqirozi boshlanishining eng asosiy omillaridan biri edi.

Abulfayzxon uzoq muddat hukmronlik qilgan ashtarxoniy hukmdorlarning so‘nggisi bo‘lgan. U Subhonqulixonning kenja o‘g‘li bo‘lib, 1695 yilda (yoki 1699 yilda) tug‘ilgan. Onasi Abdullaxo‘janing qizi Bibi Oyposhsha bo‘lgan. Abulfayzxon o‘zigacha bo‘lgan ashtarxoniy xonlar ichida taxtga o‘tirgan eng yosh hukmdor edi. Xonlik taxtiga yosh o‘tirishi uning xon atrofidagi saroy ahli va qabila yetakchilarining ta’siriga tushib qolishi va umrining oxiriga qadar bundan qutula olmasligiga olib keladi. U 1747 yilda fitna natijasida Mir Arab madrasasi hujralaridan birida o‘ldiriladi va Bahouddin Naqshband qabristonida dafn etiladi.

1811 yil (bundan 214 yil oldin) – Xiva xoni Muhammad Rahimxon I Hazoraspda o‘tkazilgan xatna to‘yiga tashrif buyurar ekan, bu yerda Xiva va Hazorasp yigitlari o‘rtasida kurash bellashuvini uyushtirdi. Ziyofatdan so‘ng esa, “oltun qabaq” marosimi o‘tkazildi. 

Bunda sadoqli shahzodalarning tajribasi va mohirligi, shaxsiy qobiliyatlaridagi sezgirlik, sinchkovlik, farosatlilik va merganlik kabi sifatlari sinab ko‘rilgan. Baland yog‘ochga qoqilgan qovoq ichiga bir dona oltin tanga joylashtirilgan. Nishonni kamon o‘qi bilan bexato va aniq mo‘ljalga olganlar mergan hisoblangan.

1907 yil (bundan 118 yil oldin) – kimyogar olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi Sobir Yunusov tavallud topdi (vafoti 1995 yil). U – O‘zbekistonda alkaloidlar kimyosi maktabining asoschisi. Uning rahbarligida 4 mingdan ortiq o‘simlik tadqiq qilinib, ularning yarmidan ko‘prog‘ida alkaloidlar mavjudligi aniqlandi, mingdan ortiq alkaloidlar ajratib olindi, muhim alkaloidlarning yuzdan ortiq manbai topildi. Sobir Yunusov 2002 yilda, vafotidan so‘ng, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

1929 yil (bundan 96 yil oldin) – shoir, yozuvchi, pedagog, teatr arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hamza Hakimzoda Niyoziy Shohimardonda halok bo‘ldi.

1992 yil (bundan 33 yil oldin) – Chili Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi. 

1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi o‘rtasida elchixonalar darajasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Protokol imzolandi.

1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2013 yil (bundan 12 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«Jizzax» erkin iqtisodiy zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Moliya organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari rezidenti maqomini olgan xorijiy davlatlar fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirish rejimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon bilan Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirganidan 30 kun muddatga vizasiz rejim belgilandi.

2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2022–2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish, ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan qishloq va mahallalar soni bo‘yicha maqsadli parametrlar tasdiqlandi.

2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jamoat transportini moliyalashtirishning yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA