Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahmud Al-Bastaqiy: “Transport tizimi raqamlashtirilmasligi korrupsiyaga yo‘l ochadi”
19:32 / 2022-03-24

Poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Yirik anjuman doirasida “Transport tizimlarini raqamlashtirish” mavzusida mahalliy va xalqaro soha vakillari o‘rtasida davra suhbati tashkil etildi. Transport vaziri mamlakat transport tizimini raqamlashtirish borasida ma’lumot berdi.

– Birinchidan, davlat sektorining barcha sohalari raqamlashtirildi, – deydi transport vaziri o‘rinbosari Jasur Choriyev. – Xususan, Transport vazirligida barcha xizmat va axborot almashinuv tizimi raqamli formatga o‘tkazildi. Alohida sohalar haqida gapiradigan bo‘lsak, aviatsiya sohasida eng katta qadam – aeroport va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK faoliyati hamda boshqaruvi to‘liq raqamlashtirildi. Bular hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun katta imkoniyat yaratadi.

– Ikkinchidan, temir yo‘l sohasida ham raqamlashtirish amalga oshirilmoqda. Xususan, tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi, chiptalar raqamli platforma orqali sotilmoqda. Toshkentda naqd pul o‘tkazmalari 50 foizga qisqardi, viloyatlarda ham shu jarayon davom etmoqda. Raqamli davrda transportni rivojlantirish yo‘lovchi va yuk oqimlarini boshqarishni tashkil etishning yangi tamoyillari bilan belgilanadi.

– Uchinchidan, logistika koridorlari, muqobil energiya va uchuvchisiz tizimlar ekotizimini yaxlit tarzda tashkil qilish sanoatni raqamlashtirishsiz amalga oshmaydi. Hozirgi kunda Shimoliy koridor o‘rnini bosuvchi Xitoy va Markaziy Osiyoni Turkiya va Janubiy Yevropa bilan bog‘lovchi “Middle Corridor” (O‘rta yo‘lak) yo‘lagining roli ortib bormoqda. Bu esa, tezlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirish uchun koridorni yaxshilash kerakligini ko‘rsatmoqda.

– Biz ta’minot zanjiri va logistikani optimallashtirish uchun raqamli vositalardan foydalanamiz, – deydi O‘rta Sharq biznes xabi bo‘lgan “DP World” kompaniyasi operatsion bosh direktori Mahmud Al-Bastaqiy. – Yuk tashishning avtomat tizimi yetkazib beruvchidan mijozning eshigigacha bo‘lgan barcha nuqtalarni o‘z ichiga olishini istaymiz.

– Raqamlashtirish transport sohasi uchun juda muhim. Agar raqamlashtirish bo‘lmasa, korrupsiyaga yo‘l ochiladi: harakat sekinlashadi, yuk operatsiyalari sifati yomonlashadi. Asosiy maqsadlarimizdan biri – Ipak yo‘lini tiklash. Buni amalga oshirish vaqti keldi. Bu muammoni hal qilishga yordam beradigan tizim – bu raqamlashtirish, – dedi Mahmud Al-Bastaqiy.

Anjuman doirasida Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi tajribasi haqida ham so‘z bordi.

– Transport uyushmasiga nima kerak?, – deydi Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi direktori Tatyana Rey-Bellet. – Transport tizimini raqamlashtirish ushbu muammolarni hal qilishga yordam beradi, jumladan, hujjatlar elektron almashinuvi uchun bu juda muhim. bugungi kunda xalqaro avtomobil tashuvlari sohasida ikkita raqamlashtirish tizimi mavjud – TIR va CMR. Ularning ikkalasi ham BMT konvensiyasiga asoslangan. TIR dunyoning 77 davlatida, jumladan, O‘zbekistonda ham amal qiladi. O‘tgan yili biz sezilarli o‘sishni qayd etgandik, bu yil esa 40 foizga o‘sdi. O‘zbekistonda TIRdan foydalanish tufayli avtomobillarda yuk tashish yangi bosqichga ko‘tarildi.

– O‘zbekistonga birinchi marta 1992 yilda kelganman, – deydi “TCS Holdings” (Pokiston) kompaniyasining rivojlanish bo‘yicha direktori Ahmad Zafar. – Bugun mamlakatda katta o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. “TCS Holdings” Pokistondagi eng yirik logistika kompaniyasidir. Biznesimiz raqamlashtirish tufayli rivojlanmoqda.

– Raqamlashtirish – davr talabi va u transport sohasida ham bo‘lishi kerak, – deydi “TRACECA” hukumatlararo komissiyasi bosh kotibi Asset Asavbayev. – 13 ta davlat biz bilan hamkorlik qiladi, jumladan, O‘zbekiston ham. Ularning barchasi transport tizimini raqamlashtirish bilan shug‘ullanmoqda.

Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA