Jinoyat qilgan shaxs jazo olishi, qamalishi turgan gap. Ammo ularning yaqinlari bu borada qonun nuqtai nazaridan aybsiz. Biroq, hayotda farzandi, turmush o‘rtog‘i qamalishi ortidan azob chekayotganlar uchrab turadi.
Uch farzandi bor, turmush o‘rtog‘i qamalgan bir ayolni bilaman. Toshkentdan Navoiyga besh yildan beri qatnaydi. Uchrashuv esa osonlikcha bo‘lmaydi.
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti faoliyatiga bag‘ishlab tashkil etilgan press-tur davomida shu masalaga oydinlik kiritish uchun departament rahbariyatiga murojaat qildik.
Departament boshlig‘ining o‘rinbosari Otabek Satimboyevning ma’lum qilishicha, bu borada haqiqatan muammolar bor. Bunga mahkumlarning ko‘pligi ham sabab bo‘lmoqda. Ayni paytda ularning soni 45 mingga yaqinlashgan. Shunga qaramay, imkon qadar bevosita uchrashuvlar hamda telefon orqali onlayn muloqotlarni o‘z vaqtida tashkil etish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Ayni paytda uchrashuvlar o‘z vaqtida tashkil etilishini ta’minlash uchun bu jarayon raqamlashtirilmoqda.
Press-tur davomida ishtirokchilar Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Jazoni ijro etish departamenti huzuridagi 42-manzil koloniyasida bo‘lib, mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
– Mahbuslar chorvachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga mo‘ljallangan dehqonchilik ishlari, asalarichilik bilan shug‘ullanadi, – dedi 42-manzil koloniya boshlig‘i Faxriddin Madaliyev. – Bu ularning halol mehnati bilan jazoni ijro etish davrida ham daromad topishi, oilasiga moliyaviy ko‘mak berishida muhim o‘rin tutmoqda. Muhimi, halol mehnat qilishga shakllangan ko‘nikma ularning qayta jinoyat sodir etmasligida muhim o‘rin tutmoqda.
Aytib o‘tish kerakki, keyingi paytda mahkumlarni saqlash sharoitlari xalqaro standart talablariga muvofiqlashtirildi va ularning huquqlari yanada kengaytirildi.
Mahkumlarga saylash va ijtimoiy sug‘urta olish kabi huquqlar berildi. Jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarda ta’lim olish, kasb-hunar egallash imkoniyati mavjud.
Bugungi kunda jazoni ijro etish tizimida 8 ta umumta’lim maktabi va 4 ta kasb-hunar ta’limi markazi faoliyat olib bormoqda.
Jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning muassasada ishlagan davrini umumiy mehnat stajiga qo‘shish orqali ularga kelgusida pensiya olish imkoniyati ham yaratilgan.
Mahkumlarga qarindoshlari bilan telefon so‘zlashuvi, yo‘qlov va uchrashuvlar olish soni qariyb ikki baravarga ko‘paytirildi. Shuningdek, mahkuma ayollarga voyaga yetmagan farzandlari bilan cheklanmagan miqdorda uchrashish imkoniyati yaratildi.
Jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga nisbatan qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmasligi qonun doirasida belgilandi.
Mahkumlarni tintuv qilish vaqtida jismoniy kuch va maxsus vositalar asossiz qo‘llanilishining oldi olindi. Mahkumlar va ularning yaqin qarindoshlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida qisqa muddatli uchrashuv, videouchrashuv va telefon orqali so‘zlashuvlarni o‘zaro almashtirish tartibi joriy etildi.
Qamoqqa olingan shaxslarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartiblari belgilandi. Yaqinda mahkumlarning jazo muddati kitob o‘qiganligi uchun qisqartirilishi amaliyoti joriy etiladi.
Tergov hibsxonalari va yopiq turdagi koloniyalarda advokatlar uchun 69 ta alohida xona tashkil etilgan. Ombudsman va Biznes ombudsmanga qamoqxonalarga hech qanday moneliksiz kirish uchun sharoitlar yaratilgan.
Protsessual harakatlar yoki boshqa tadbirlarni amalga oshirish maqsadida videokuzatuv vositalari bilan jihozlangan 49 so‘rovxona tashkil etilgan.
Muassasalarga 8 ming 276 dona videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan. Xizmat o‘tayotgan xodimlar 360 dona bodikamera bilan ta’minlangan.
Videokuzatuv vositalari departament situatsion tahliliy markaziga integratsiya qilinib, muassasalar hududidagi (xodimlar va mahkumlar) harakatlarni onlayn nazorat qilish imkoniyati mavjud.
Departament tasarrufidagi 11 tergov hibsxonasi, 18 jazoni ijro etish koloniyalari rentgen-skaner qurilmalari bilan ta’minlandi.
Departament bilan davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida 10 ta memorandum imzolanib, mahkumlarni tarbiyalash, jamiyatga moslashtirish, to‘g‘ri hayotga qaytarish borasida hamkorlikda tarbiyaviy-profilaktik ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/T3njzHY7orA" title="Mahkumlarning yaqinlari bilan uchrashuvidamuammolar bormi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Nishonboy Abduvotov (video), O‘zA