Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning mintaqaviy vakillari jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarga xulosa berish bo‘yicha komissiyalar yig‘ilishlarida ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 102-1-moddasiga muvofiq, komissiyalar tarkibiga Ombudsman mintaqaviy vakillari, xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari va jamoatchilik vakillari kirishi belgilangan.
Shu kunlarda Toshkent shahri, Surxondaryo, Sirdaryo, Andijon, Xorazm, Samarqand, Namangan, Buxoro va Qashqadaryo, Farg‘ona va Navoiy viloyatlaridagi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi jazoni ijro etish muassasalari hamda tergov hibsxonalarida bo‘lib o‘tgan komissiya yig‘ilishlarida Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishlarda umumiy hisobda 16 ming 435 ming nafar mahkumga “tuzalish yo‘liga o‘tgan” degan xulosa berildi.
Jumladan, Toshkent shahridagi 21-sonli jazoni ijro etish koloniyasi hamda 23-sonli mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan kasalxonadagi komissiya yig‘ilishlarida ming nafardan ziyod mahkumga “tuzalish yo‘liga o‘tgan” degan mazmunda xulosa rasmiylashtirildi.
Komissiya a’zolari tomonidan xulosa berishda mahkumlarning ichki tartib-qoidalarga rioya etishi, mehnat intizomi, ta’lim va kasb-hunarga qiziqishi, shuningdek, jamoat ishlari va madaniy-ma’rifiy tadbirlardagi ishtiroki inobatga olinmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA