Jinoyat-ijroiya amaliyoti tahlili va jamoatchilik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot natijalari mahkumlarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatgan.
Ularni saqlash shart-sharoitlarini yanada yaxshilash hamda xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, shuningdek jazoni ijro etish muassasalarida mehnatga jalb etilgan mahkumlarga haq to‘lanadigan ishlash davrini ularning umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblash zarurati mavjud.
Shu sababli 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan mazkur qonun loyihasi ishlab chiqildi. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida mazkur qonun muhokama qilindi. Chunki qonun Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Qonun bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga va O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning umumiy mehnat stajiga ishlangan hamda ijtimoiy soliq to‘langan davrni qo‘shib hisoblashni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov qonun bilan ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, ish stajiga qo‘shib hisoblanishi zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, mahkumlarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoxud jazo turlarining qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, shuningdek, mahkumlarning tarjimon bilan bir qatorda surdotarjimonning xizmatidan foydalanishi huquqi va mahbuslarga nisbatan tinchlantirish ko‘ylagini qo‘llash mumkin emasligi qat’iy belgilanmoqda.
Senatorlarining ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi mahkumlarning kelgusida pensiya olish imkoniyatini yaratishga va, eng asosiysi, ularning tuzalish yo‘liga o‘tganligini belgilovchi qat’iy mezonlarni belgilash orqali ularning xulq-atvorini baholashda korrupsiyaviy omillar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA