French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahkumlarni ozodlikka chiqarish karantinda ham toʻxtatilmadi
16:37 / 2020-04-25

Hayot tarzimiz karantin tufayli butunlay oʻzgarib ketdi. Ammo fuqarolarga manfaat keltirishi zarur boʻlgan, inson huquqlarini taʼminlovchi tizimlar faoliyati toʻxtatilgani yoʻq.


Hayot tarzimiz karantin tufayli butunlay oʻzgarib ketdi. Ammo fuqarolarga manfaat keltirishi zarur boʻlgan, inson huquqlarini taʼminlovchi tizimlar faoliyati toʻxtatilgani yoʻq.

Onlayn xizmat koʻrsatish, sud majlislarini onlayn tashkil etish davom etmoqda.Zarur hollarda esa sudyalar jazoni ijro etish muassasalariga borib, mahkumlarni jazodan ozod etish bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqmoqda.

Toʻgʻri, hozir hech kimga oson emas. Biroq, oʻzining ozod boʻlishini yillar mobaynida kutgan mahkumlar ham odam va ular ham murojaat qilish huquqiga ega.

Kuni kecha Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan ayollar koloniyasidan bir guruh mahkumalar ozodlikka chiqarildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Zangiota tumani sudi raisi Oʻktam Holiqov raisligida boʻlib oʻtgan sud jarayonida 21-jazoni ijro etish muassasasi rahbariyatining taqdimnomalari koʻrib chiqildi.

Taqdimnomada jazoni oʻtash jarayonida belgilangan tartiblarga qatʼiy rioya etgan, qilmishidan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga oʻtgan bir guruh mahkumalarni muddatidan oldinroq ozod etish soʻralgan.

Yangiyoʻllik mahkuma R.G. 2015-yil mart oyida Jinoyat kodeksining 223-moddasi, yaʼni qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki kirishga oid qoidalarni takroran buzgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Sudda mahkuma oʻziga tegishli xulosa chiqargani, aybini anglab yetgani, qilgan ishidan qattiq pushaymonligini bildirib, oilasi bagʻriga qaytishga imkon berishni soʻradi.

Sud mahkumaning shaxsiy yigʻma jildini oʻrganib chiqish jarayonida uning jazoning yarmini oʻtab boʻlgani, tarbiyaviy ishlarda faol ishtirok etib, topshirilgan ishlarni vijdonan bajargani, muhimi, qilmishidan toʻgʻri xulosa chiqargani, uni jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalash mumkinligi haqidagi fikrlar inobatga olindi.

Mahkumaning oʻtalmagan qariyb 1 yil 11 oy jazo muddati shartliga almashtirilib, u muddatidan oldin ozodlikka chiqarildi.

Sudda ishlari koʻrib chiqilgan boshqa mahkumalar haqida ham shu kabi fikrlarni bildirish mumkin. Faqat aytib oʻtish kerakki, ular shunchaki ozod etilmadi, balki ularning kelgusida hayotda toʻgʻri yoʻlga tushib olishi, jamiyatda oʻz oʻrinlarini topishi uchun tegishli xizmatlar, mahalliy davlat hokimiyati idoralariga masʼuliyat ham yuklandi.

Quvonarlisi shuki, sud jarayonidan keyin toʻrt oilaga onalar qaytib, ularning bagʻri toʻldi, farzandlari quvonchidan olam yorishdi. Endigi umidimiz — ular Ona degan muqaddas nomga munosib boʻlishga intiladi, boshqa jinoyat koʻchasiga kirmaydi.