Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahkumlarni jamiyatga qaytarish yo‘lida amaliy qadamlar
14:48 / 2025-12-23

Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida probatsiya hisobida turgan mahkumlar bilan ishlashga qaratilgan kompleks tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlar huquqiy ongni oshirish, qayta huquqbuzarliklarning oldini olish hamda mahkumlarni jamiyatga moslashtirishga xizmat qiladi.

Tuman ichki ishlar bo‘limining jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya bo‘linmasi tomonidan navbatdagi uchrashuv o‘tkazilib, unda jazo o‘tayotgan mahkumlarga amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Xususan, avtotransport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar uchun belgilangan cheklovlar, ushbu talablarni buzish oqibatlari hamda qonuniy javobgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda yo‘l patrul xizmati rahbari ishtirok etib, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, qoidalarga qat’iy rioya etishning ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, mahkumlarning huquqiy madaniyatini oshirish, qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan tavsiyalar bildirildi.  

Savol-javoblar jarayonida ishtirokchilarni qiziqtirgan masalalarga atroflicha javoblar qaytarildi.

Kunning ikkinchi yarmida esa probatsiya nazoratidagi mahkumlarning bandligini ta’minlash va ijtimoiy moslashuvini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ishga marhamat” dasturi doirasida bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarka davomida ishtirokchilarga mavjud ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari va ish beruvchilar tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Suhbatlar jarayonida mahkumlarning kasbiy qiziqishlari, malakasi va imkoniyatlari inobatga olinib, amaliy natijalarga erishildi. Xususan, yarmarka yakunida ikki nafar nazorat ostidagi mahkum doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi.

Qayd etilishicha, bunday tadbirlar mahkumlarning jamiyatga qayta integratsiyalashuvini ta’minlash, barqaror hayot kechirishlariga zamin yaratish hamda qayta jinoyat sodir etilishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri