Konstitutsiya kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Ijtimoiy himoya milliy agentligi, sog‘liqni saqlash va pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmalari xodimlari bilan birgalikda Samarqand shahridagi 38-sonli jazoni ijro etish manzil koloniyasida bo‘lib, u yerda saqlanayotgan mahkumlarning ish va yashash sharoiti, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari bilan tanishdi.
– Mahkumlar ozodlikdan mahrum etilib, jazo muddatini o‘tayotgan bo‘lsa-da, ularning bir qator huquqlari bor, – deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Husanov. – Ana shu huquqlarning qay darajada kafolatlangani bilan tanishish, mahkumlar bilan muloqot qilish maqsadida reja asosida bu kabi tadbirlar uyushtirib turiladi. Bugun ham tegishli sohalar mutaxassislari bilan birgalikda manzil koloniyadagi yuvinish xonalari, oshxona va oziq-ovqat mahsulotlari saqlanayotgan xonalar, tibbiyot bo‘limi, mahkumlar ish joylari ko‘zdan kechirildi. Ish sharoiti, oylik maosh to‘lanishi, majburiy mehnatga jalb qilmaslik holatlariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, mahkumlarning uzoq muddatli uchrashuvga kelgan oila a’zolari bilan ham suhbatlashdik. Ularga muassasada yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rgandik.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining mobil ko‘chma tibbiy guruhi mahkumlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Bu jarayonda 3 nafar mahkumda jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga ehtiyoj borligi aniqlandi. Salomatligida nuqson qayd etilgan mahkumlarga dori-darmon berildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan manzil koloniyadagi nogironligi bor fuqarolar foydalanishi uchun 2 ta nogironlar aravachasi va qo‘ltiqtayoq, hassa, eshitish moslamalari berildi.
Shundan so‘ng muassasada qabul o‘tkazilib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, sog‘liqni saqlash va pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmalari xodimlari mahkumlarni eshitdi, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tushuncha berildi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili ham mahkumlar bilan yakka tartibda qabullar o‘tkazdi. Mazkur qabulda bildirilgan murojaatlar asosida 2 nafar mahkum sud hukmida belgilangan tartibda jazoni o‘tash jarayonida giyohvandlikdan majburiy ravishda davolanishi uchun Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat mintakaviy filialiga o‘tkazildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri