Mamlakatimizdagi jazoni ijro etish muassasalarida 30 mingdan ortiq mahkumlar jazo muddatini o‘tamoqda. Ularning yaqinlari bilan uchrashishlari qanday tashkil etilmoqda? Yangi joriy etilgan masofali video-uchrashuvlar qanday tartibda amalga oshiriladi?
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov shu masalaga aniqlik kiritdi:
– Mamlakatimizda mahkum va mahbuslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, keyingi yetti-sakkiz yilda ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan yoki jazo muddatini o‘tab chiqqan shaxslarga nisbatan munosabat butunlay o‘zgardi.
Bilib-bilmay jinoyat sodir etgan shaxslarning hayotiy manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslar zamon bilan hamnafas takomillashmoqda.
Mahkumlarni saqlash sharoitlari xalqaro standart talablariga moslashtirilmoqda va huquqlari yanada kengaytirilmoqda.

Jazoni ijro etish muassasalarida 30 mingdan ortiq mahkumlar jazo muddatini o‘tayotgan bo‘lsa, har birining 3 kishigacha bo‘lgan yaqinlari, ya’ni ikki nafar katta va bir nafar voyaga yetmagan shaxs bir yilda 6 marotaba mahkum bilan uzoq muddatlik (1 sutkadan 3 sutkagacha) uchrashish huquqiga ega.
Mahkum bilan bir yilda olti marotaba 2 soatlik uchrashuv hamda o‘n ikki marta telefon orqali so‘zlashuv ham amaldagi qonunchilikda belgilangan.
Biroq jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan mahkumlarning oldiga yaqin qarindoshlari har doim ham kelish imkoniyatini topa olmasligi mumkin. Kelsa ham vaqt yo‘qotishi, mablag‘ sarflashi ularga qimmatga tushishi tabiiy. Bundan tashqari, belgilangan uchrashuvlarga barcha yaqin qarindoshlarini olib borish imkoniyati yo‘q.
Shu sababli, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmoqda.
2026 yil 15 yanvarda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun masofali video-uchrashuvlar o‘tkazish imkoniyatini yaratishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan mahkumlarning masofali video-uchrashuv yo‘li bilan onlayn uchrashish imkoniyati yaratildi.
Bu jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning oila a’zolari va yaqinlari bilan doimiy aloqalarini ta’minlash va oilaviy munosabatlarini saqlab qolishda muhim o‘rin tutadi.
Qolaversa, mahkumlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlar samaradorligi oshadi. Tuzalish yo‘liga o‘tishga ko‘maklashish, insonga, jamiyatga, mehnatga, ijtimoiy qoidalar va an’analarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishni shakllantiradi.
Qonun bilan Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning ixtiyoriga ko‘ra, telefon orqali so‘zlashuv huquqidan foydalanish bilan bir qatorda masofali video-uchrashuvlarini tashkil etishga qaratilgan normalar kiritildi. Jumladan masofali video-uchrashuvlarga bo‘lgan huquq asosiy huquqlar qatoriga o‘tkazilib, video-uchrashuvlar tashkil etish tartibi hamda ularning soni belgilandi.
Bunda, mahkumlar o‘z xohishiga ko‘ra telefon orqali so‘zlashuvdan yoxud masofali uchrashuvdan foydalanish mumkin.
Qayd etish lozimki, 2020 yil 30 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda mahkumning iltimosiga ko‘ra uzoq muddatli uchrashuv qisqa muddatli uchrashuvga yoki masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali so‘zlashuvga, qisqa muddatli uchrashuv esa masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali so‘zlashuvga almashtirilishi mumkinligi belgilangan.
Yangi qonun bilan esa masofali video-uchrashuvlar qo‘shimcha huquq doirasidan asosiy huquq doirasiga o‘tkazilishi hamda ularning soni jazoni ijro etish muassasasi tartibidan kelib chiqib telefon orqali so‘zlashuvlari soni bilan tenglashtirildi.
Jinoyat-ijroiya kodeksining ayrim moddalariga ham tegishli qo‘shimchalar, xususan “masofali video-uchrashuvlar” iborasi kiritildi.
Qonun jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlar samaradorligi oshishiga, ayniqsa, mahkumlarning yaqinlari manfaatlariga xizmat qiladi. Qolaversa, inson huquqlari himoyasi ta’minlanishi, mamlakatimizning bu boradagi nufuzi oshishiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA