Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisining Qo‘ng‘irot tumanida joylashgan 27-sonli manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan sayyor uchrashuvi tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi K.Tarixov, Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi A.Adilov mahkumlar bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad mahkumlarning huquqiy bilimini oshirish, ularni qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlar bilan tanishtirish hamda mavjud muammolarni o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

Sud raisi mahkumlar tomonidan berilgan savollarga javob berdi. Jumladan ularning o‘ndan ortiq murojaati o‘rganilib, har biri yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi. Shuningdek ishtirokchilar jinoyat ishlari yuzasidan sud qarorlarining ijrosi, jazoni yengillashtirish, shartli ozod qilish va boshqa qonuniy mexanizmlar haqida ham ma’lumot olishdi.
Tadbirda bunday uchrashuvlar mahkumlarning huquqiy ongini oshirish, jamiyatga moslashuviga ko‘maklashish uchun muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri