Sirdaryo viloyatida yoshlar bilan ochiq muloqot, xususan, qayta tarbiya va jamiyatga qaytish jarayonidagi yoshlar bilan ishlashga e’tibor tobora kuchaymoqda.
Bu yo‘nalishdagi tadbirlardan biri — IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Uchinchi mintaqaviy hududning 8-son tergov hibsxonasida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘ldi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Zohidov ishtirok etib, hibsxona xodimlari va yosh mahkumlar bilan ochiq suhbat olib bordi.
Muloqot avvalida adliya rahbari xodimlar bilan uchrashdi. Unda mamlakatimizda qonuniylikni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi. Shu bilan birga, oilaviy munosabatlar, nikoh shartnomasi va huquqiy madaniyatni oshirish masalalari ham muhokama etildi.

– Nikoh shartnomasi — bu nafaqat ishonch ramzi, balki mas’uliyat va adolat kafolati hamdir, – dedi Jahongir Zohidov. – U oilaviy munosabatlarda aniqlikni ta’minlab, mojarolarning oldini oladi.
Tadbirning ikkinchi qismi yosh mahkumlar bilan muloqotga bag‘ishlandi. Bu suhbat oddiy uchrashuv emas, balki hayot sabog‘i, anglash va tuzalish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

24 nafar yosh mahkum ishtirok etgan uchrashuvda ularga mamlakatda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, kasb-hunarga o‘qitish tizimi, sudlanganlikdan keyingi reabilitatsiya jarayonlari va jamiyatga qaytishdagi qo‘llab-quvvatlash choralari haqida ma’lumot berildi. Shu bilan birga, ularga hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlash, xatolarni tuzatish va o‘z qobiliyatini jamiyat foydasiga yo‘naltirish haqida kerakli tavsiyalar berildi.
– Har bir inson xato qilishi mumkin. Ammo xato ortidan to‘g‘ri xulosa chiqarish, o‘z burchini chuqur anglash va foydali insonga aylanish — haqiqiy jasorat, – dedi adliya boshqarmasi rahbari.
Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA