Mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada shifokor lavozimida ishlab kelayotgan xodim o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, mahkumga tamagirlik qilgani ma’lum bo‘ldi.
U mahkumga Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan majburiy davolash chorasini 95-modda asosida bekor qilib berishi mumkinligi, bu esa 7,5 ming AQSH dollari bo‘lishini aytgan.
Mazkur muassasada davolanayotgan mahkum bu haqda Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Jazoni ijro etish departamenti bo‘yicha bo‘limiga ma’lum qilgan.
Koloniya shifokori Toshkent viloyatining ko‘p tarmoqli poliklinikasida jarroh bo‘lib ishlovchi tanishi orqali ushbu pullarning 1,5 ming dollarini jazo muddatini o‘tayotgan mahkumning ukasidan olgani, aytilgan pulning qolgan qismini berishni talab qilib kelayotgani qo‘shimcha qilingan.
Jazoni ijro etish departamenti axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mahkumning arizasiga asosan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Shifokorlar kelishilgan pul mablag‘larini olayotgan vaqtda Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Jazoni ijro etish departamenti bo‘yicha bo‘limi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Har qanday lavozim, avvalo, mas’uliyatdir. Qonunni chetlab o‘tishga urinish, mansabdan foydalanib pora talab qilish muqarrar ravishda javobgarlikka olib keladi.
N.Abduraimova,
O‘zA