Ijtimoiy tarmoqlarda “Ichki ishlar xodimlari kaltaklaganmi yoki “mototsikldan yiqilgan”mi” sarlavhali xabar keng tarqaldi.
Unda mahbus A.E.ga nisbatan ichki ishlar xodimlari tomonidan qiynoqlar qo‘llanilgani oqibatida gumonlanuvchining uchta qovurg‘asi singani va tana qismida jarohat izlari mavjudligi aytilgan.
Ushbu xabarga aniqlik kiritish maqsadida Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Samarqand viloyatidagi 7-son Tergov hibsxonasiga borib, mahbus A.E. bilan xoli tarzda uchrashdi.
Suhbat davomida mahbus A.E. xabarda ko‘rsatilgan holatlarni tasdiqlab, unga nisbatan tan jarohati yetkazilganligini ma’lum qildi va holat o‘rganilib, tegishli xodimlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishida amaliy yordam so‘rab Ombudsman nomiga murojaat qildi.
O‘rganish davomida mahkumning tibbiy holatiga oid ma’lumotlar ham olindi.
Mahbus A.E.ning murojaati va yuqorida qayd etilgan xabarlar yuzasidan tekshiruv har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishi bo‘yicha Ombudsman nomidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qilindi.
Eslatib o‘tamiz, “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlariga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish va qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish kabi vazifalar yuklatilgan.
Ombudsman axborot xizmati mazkur holat yuzasidan jamoatchilikka batafsil ma’lumot taqdim etilishini ma’lum qildi.
O‘zA