Bugun yurtimizda katta shodiyona– Xalqlar do‘stligi kuni. So‘nggi uch yildan buyon 30 iyul xalqimiz tomonidan ko‘tarinki kayfiyatda bayram qilinmoqda. Sana munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlar, festivallarda ishtirok etayotgan turli millat vakillarining quvonchi cheksiz. Ularning ba’zilari bilan suhbatlashdik.
Farhod Jo‘rayev,So‘g‘d viloyati “O‘zbeklar” jamiyati rahbari:
– So‘nggi yillarda o‘zbek va tojik xalqlari munosabati yanada rivojlanib, mamlakatlarimizning o‘zaro do‘stlik aloqalari tobora chuqurlashmoqda. Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy hamkorlik keng yo‘lga qo‘yilgani, ikki davlat rahbarlari olib borayotgan oqilona siyosatdan darak beradi. Ushbu islohotlar samarasi o‘laroq o‘tkazilayotgan anjumanlarda turli millat vakillari singari mening hamxizmatlarim e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston hukumati tomonidan “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Shu bois, xursandligimning chegarasi yo‘q. Bu nafaqat mamlakatdagi, balki xorijiy mamlakatlardagi men singari ko‘plab o‘zbeklarga bo‘lgan yuksak e’tibordan dalolat.
So‘g‘d viloyatida “O‘zbeklar” jamiyati o‘tgan asrning 90-yillarida tashkil etilgan. Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabat yangi bosqichga ko‘tarilgani faoliyatimizda ham aksini topdi. O‘ndan ortiq anjuman– adabiy-badiiy kecha, ilmiy-amaliy xalqaro konferensiya o‘tkazdik. Xalqlarimiz ezgu maqsadlar sari tobora jipslashmoqda. O‘zbek tilini o‘rganish, targ‘ib qilish va yanada boyitish uchun muloqotlar tashkil qilish imkoniyatikengaydi. Bularning bari o‘zaro do‘stlikni, hamjihatlikni mustahkamlashga zamin yaratadi.
Mahbuba Ergasheva, Samarqand davlat universiteti dotsenti:
– Mamlakatimizda millati tili, dinidan qat’i nazar, har bir inson mehnat qilsa,albatta rohatini ko‘radi. Chin dildan qilingan xizmat davlat miqyosida e’tirof etiladi. Buni o‘z hayotim misolida ko‘rib turibman. Eron millatiga mansubman. O‘zbekistonda tug‘ildim, farzandlarim ham shu yurtda kamol topyapti. Hamyurtlarimiz bilan ahil, inoq yashab, o‘zbek bo‘lib ketganmiz. Bayram, shodiyonalarni birga nishonlaymiz. Quvonchli kunimiz ham,biroz tashvishli onlarimiz ham shu xalqniki bilan uyg‘un. Shundayyurtni yaxshi ko‘rmay bo‘ladimi?!
Samarqand davlat universiteti Falsafa va milliy g‘oya kafedrasi dotsentiman. Kamtarona mehnatim “Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan tashkil etilgan ulkan bayramda bugun e’tirof etildi.Turli millat vakillari – yurtdoshlarimiz singari men ham taqdirlandim, “Shuhrat” medali sohibi bo‘ldim. Bu mukofot barchamiz uchun faxr. Shu bilan birga keyingi faoliyatimiz uchun shijoat bag‘ishlaydi.
So‘nggi yillarda, ayniqsa, o‘qituvchi va murabbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash joiz. Bu ishonch va rag‘bat bizni o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashga, ilmiy izlanish olib borishga undaydi. Endi talaba-yoshlarga ta’lim tarbiya berish orqalixalqimiz, yurtimiz ravnaqi uchun tinmay mehnat qilishga va’da beraman.
Anjumanda davlatimiz rahbari tomonidan “Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan bayram tabrigi bizni chuqur hayajonga soldi. Ayni sa’y-harakatlar har bir millat vakiliga, ularning urf-odat va marosimlariga nisbatan bag‘rikenglik, tolerantlik muhitini mustahkamlaydi. Barchamizni do‘st, birdam bo‘lib yashashga undaydi.
Gulandon Subhonova, Respublika tojik milliy madaniy markazi rahbari:
– Bunday bayram, festivallar turli millat vakillarini, ayniqsa, yoshlar qatlamini birlashtirib, milliy o‘zlikni anglash, qadimiy urf-odat va an’analarimiz, tilimiz va adabiyotimizni chuqurroq o‘rganishga undaydi. Masalan,bizning markazimizga ham juda ko‘p yoshlar murojaat qilib kelishadi. Ularni jipslashtirish maqsadida markaz qoshida yoshlar qanoti tuzildi.
Quvonarlisi, bugungi kunda yurtimizda millatlararo munosabatlarga juda yuqori baho berilgan. Davlatimiz rahbarining, “O‘zbekistonni yagona Vatanim, deb biladigan ko‘p millatli xalqimiz bizning faxrimizdir” degan gapi bizga g‘urur, shijoat bag‘ishlaydi. Bu ishonch bizni yanada faol bo‘lishga, yurt ravnaqi yo‘lida tinmay mehnat qilishga undaydi.
Ko‘p kuzatganman: “Xalqlar do‘stligi kuni” boshqa davlatlarda bizdagidek keng nishonlanmaydi. Qolaversa, har yili bayram arafasida boshqalarga o‘rnakbo‘lgan turli millat vakillarini mukofotlash ham ezgu an’anaga aylangan.
Mana shunday e’tibor tufayli milliy madaniy markazlar soni yildan yilga ortmoqda. Birgina o‘tgan yil yettita milliy markazning 20, 25 yillik yubileylari nishonlandi. Qozoq, turkman, koreys, qirg‘iz va boshqa millat vakillari bilan bir oila bo‘lib, bayram qildik. Tajribamiz bilan o‘zaro o‘rtoqlashdik. San’at ahli, shoir-yozuvchilar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirib turamiz. Bu yilgi festival doirasida ham “Adabiy do‘stlik” kitoblar namoyishi tashkil etildi. Ko‘rgazmada barchamiz o‘z ijodiy ishlarimiz, asarlarimiz bilan qatnashdik. Masalan, tojik milliy madaniy markazi tomonidan “So‘z ifori” nomli 30 tomlik loyihaga qo‘l urganmiz.Mana shu g‘oya doirasida hozir 7ta kitob minglab nusxada chop etilib, kitobxonlarga, maktablarga taqdim etildi.
Faxrlanib aytamanki, o‘zbek va tojik ikki tilda gapiradigan yagona xalq. To‘yimiz, marosimlarimiz bir xil. Har qanday kunda bir-biriga suyanch, yaqin qo‘shni davlatlarda yashaymiz. Birdamligimiz abadiy bo‘lsin!
Go‘zal Sattorova yozib oldi.
O‘zA