Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalari kengaymoqda
20:39 / 2016-05-18

“O‘zekspomarkaz”da mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish, axborot tizimlari va telekommunikatsiya masalalari komplekslarining tarmoq sanoat yarmarkalari boshlandi.

“O‘zekspomarkaz”da mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish, axborot tizimlari va telekommunikatsiya masalalari komplekslarining tarmoq sanoat yarmarkalari boshlandi.

Tayyor mahsulotlarni mahalliylashtirishni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar iqtisodiyotimizni yanada jadal va barqaror rivojlantirish, uning tashqi omillarga bog‘liqligini kamaytirish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu, o‘z navbatida, mahalliy xomashyo va sanoat resurslaridan keng foydalanish, shu asosda jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari tashkil etishga xizmat qiladi.

Prezidentimizning 2007-yil 12-noyabrdagi “Ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish va uni mahalliylashtirish jarayonini yangi sifat bosqichiga ko‘tardi. Ushbu hujjat mamlakatimiz uchun yangi bo‘lgan qator yuqori texnologiyali sanoat korxonalari tashkil etish va zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, ichki bozorni sifatli tovarlar bilan to‘ldirish imkonini berayotir.

Yarmarka ishtirokchilari soni yil sayin ko‘payib bormoqda. O‘tgan yili tarmoq sanoat yarmarkasida 165 korxona ishtirok etib, 1200 turdagi mahsulotlarni namoyish etgan va ularning 82 tasi mahalliylashtirish dasturi doirasida o‘zlashtirilgan yangi tovarlar edi. Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, «O‘zagrosanoatmashxolding» xolding kompaniyasi, “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, «O‘zagromashservis» uyushmasi tarkibiga kiradigan 220 dan ortiq korxona, shuningdek, kichik biznes subyektlari va boshqalar o‘z mahsulotlarini taqdim etmoqda.

Elektrotexnika sanoati korxonalari mahsulotlari keng maydonni egallagan. Marketing va savdoni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Farrux Shokirovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilgi tarmoq sanoat yarmarkasida 14 korxona 260 dan ziyod turdagi mahsulotni namoyish etmoqda. Ularning 40 tasi mutlaqo yangidir. «Sino» aksiyadorlik jamiyati, «Artel» savdo belgisi ostidagi kompaniyalar guruhi, «Zenith Electronics» qo‘shma korxonasi va boshqalar shular jumlasidandir.

Ularning stendi har doimgidek gavjum. Bu bejiz emas. Negaki, elektrotexnika sanoati korxonalari so‘nggi yillarda zamonaviy televizor, maishiy va sanoat muzlatgichlari, konditsioner, gaz plitalari, changyutgich, energiya tejaydigan lampalar, elektr choynaklar, dazmol, telefon kabi murakkab maishiy hamda radiotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Yarmarkada qishloq xo‘jaligi mashinasozligida erishilayotgan so‘nggi yutuqlar bilan ham tanishish mumkin. Toshkent va Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodlari, agregat zavodi, «Texnolog», «Urganchkormmash» aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa korxonalar bir necha turdagi traktor, tirkama, paxta terish mashinasi, purkagich, seyalka, rotorli o‘roq, o‘g‘it sepgich, shuningdek, paxta terish mashinalarining butlovchi va ehtiyot qismlari, plug va kultivatorlarni namoyish etmoqda.

Tarmoq yarmarkasida «O‘zagromashservis» uyushmasi korxonalari fermer va dehqon xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga o‘z xizmatlarini taklif etmoqda. Mazkur korxonalar mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Mamlakatimizda «Keys» g‘alla o‘rish kombayni uchun 400 dan ortiq, «Magnum» shudgor traktorlari uchun 100 turdagi yangi ehtiyot qismlar tayyorlanmoqda. «O‘zKeysServis» qo‘shma korxonasining servis markazlari qishloq xo‘jaligi texnikasini ta’mirlash va servis xizmati ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi. Korxonaning mamlakatimizning barcha hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan filiallari «Nyu-Xolland» g‘alla o‘rish kombaynlari, «TL 100», «TS 135», «T-7060» shudgor traktorlari va seyalkalarni sifatli ta’mirlamoqda.

Yarmarka ishtirokchilaridan biri bo‘lgan «Dalvarzin ta’mirlash zavodi» mas’uliyati cheklangan jamiyati dizel dvigatellarini kapital ta’mirlash, ehtiyot qismlar tayyorlash, ishdan chiqqan detallarni qayta tiklash xizmatlarini ko‘rsatib, xalq iste’moli tovarlari va nostandart uskunalar ishlab chiqarmoqda.

– Dizel yoqilg‘isidan muqobil yoqilg‘i – siqilgan tabiiy gazga (metan) o‘tkazish zavodimiz faoliyatining yangi yo‘nalishi hisoblanadi, – deydi ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Abduxalil Vosidov. – Ohangaronda aholiga xizmat ko‘rsatayotgan ISUZU avtobuslari, Toshkent viloyatining qator fermer xo‘jaliklari traktorlarini gazda ishlashga o‘tkazdik.

Yarmarka davomida korxonalar tomonidan o‘tkaziladigan taqdimot marosimlarida mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini, mahsulotlarni standartlashtirish, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar olish mumkin. Shuningdek, tadbir doirasida «Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish – ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish istiqboli» mavzusida seminar o‘tkaziladi.