Ayni kunlarda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va tarmoq korxonalari bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Mahalliylashtirish dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan yil majmuada 4 ta loyiha amalga oshirilib, 398,4 tonna mahsulot qayta ishlandi va 6,89 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlandi.
Natijada 798,2 ming AQSH dollari miqdoridagi import kamaytirildi, korxona esa 4,3 milliard so‘m sof foydaga erishdi.
Korxona axborot xizmatining xabariga ko‘ra, mahalliy korxonalar tomonidan har xil o‘lchamdagi metall mahsulotlar, yuqori bosimga bardoshli tekstil va rezina qoplamali yenglar, manometrlar, termoparalar, temir kuporosi, suvni tozalash va qayta ishlash uchun kimyoviy moddalar kabi material-texnik resurslar o‘zlashtirildi.
Ta’kidlash kerakki, bu kabi ishlar majmuaning rentabelligini oshirish, mehnat jamoasi daromadlarini ko‘paytirish, mamlakat sanoati va iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shish hamda mahalliy aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA