Mahalliylashtirish ko‘lami kengaymoqda, kooperatsiya aloqalari mustahkamlanmoqda
“O‘zekspomarkaz”da IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi yakunlandi. Unda mamlakatimizdan ishtirok etgan 2 mingga yaqin korxona va kompaniyaning mingdan ortig‘i kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalaridir. Ular 20 mingdan ziyod turdagi mahsulotlarni namoyish qildi.
“O‘zekspomarkaz”da IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi yakunlandi.Unda mamlakatimizdan ishtirok etgan 2 mingga yaqin korxona va kompaniyaning mingdan ortig‘i kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalaridir. Ular 20 mingdan ziyod turdagi mahsulotlarni namoyish qildi.
O‘zbekiston sanoatchilarining an’anaviy forumi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan muhim tarmoqlarni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash ishlarini izchil davom ettirish, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani, ayniqsa, qishloq joylarda jadal rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari, kichik biznes hamda tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali zamonaviy, diversifikatsiya qilingan va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazib kelinmoqda.
Bu galgi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida muhim sanoat tarmoqlarining ulkan salohiyat va imkoniyatlari, ishlab chiqarish yangiliklari va boshqa mahsulotlar keng namoy ish qilindi. Sanoat kompleksining yetakchi korxonalari o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarish sektorlari bo‘yicha taqdim etdi. Kommunal xo‘jalik, transport, kapital qurilish va qurilish sanoati, mashinasozlik, mahsulotni standartlashtirish, geologiya, kimyo, elektrotexnika, neft-kimyo va metallurgiya sanoati, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, axborot tizimlari hamda telekommunikatsiyalar sohasi korxonalari keng namoyish etildi.
IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Turkiya kabi dunyoning ellikdan ortiq davlatlari firma va kompaniyalarining ham 1300 dan ziyod vakili ishtirok etdi.
Korxona va tashkilotlar stendlarida ayni paytda chetdan olib kelinayotgan tovarlar, mahalliy xomashyodan foydalanish, sanoatning yetakchi tarmoqlarini texnik va texnologik yangilash hamda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish asosida mahalliylashtirilayotgan mahsulotlar taqdim etildi.
Masalan, «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik kompaniyasining «Toshavtobustrans» aksiyadorlik kompaniyasi, «Mersedes-Benz» servis xizmati ko‘rsatish sho‘ba korxonasi, «Toshelektrotrans» davlat kompaniyasi, «Toshkent metropoliteni» davlat unitar korxonasi, «Transsnab», «AMORANT» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va boshqa korxonalari 150 dan ortiq turdagi ehtiyot qism va materiallar, avtobuslarni ta’mirlash uchun maxsus uskunalar, ishlab chiqarilayotgan ehtiyot qismlar katalogi, yo‘lovchilarni tashish, turli toifadagi haydovchilarni tayyorlash, oylik yo‘l chiptalarini sotish, poytaxtimizda yo‘lovchi tashish transporti harakatini dispetcherlik boshqaruvi bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar hamda boshqa keng imkoniyatlarni namoyish qildi.
«Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik kompaniyasi vakillarining aytishicha, sanoat forumida ishtirok etish turdosh tarmoqlar korxonalari bilan samarali hamkorlik qilish uchun keng imkoniyat yaratadi. Masalan, tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida kompaniya korxonalari tomonidan qiymati 181 milliard so‘mdan ziyod 24 shartnoma imzolandi. Ularning asosiy qismi kompaniyaning «Toshavtota’mirxizmat» unitar korxonasi va boshqa korxonalari ulushiga to‘g‘ri keladi.
Mamlakatimizning ko‘plab muhim infratuzilma obyektlari uchun yuk tashuvchi va maxsus texnika ishlab chiqarayotgan «JV MAN Auto-Uzbekistan» O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi ham Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida faol ishtirok etdi. Ilgari bunday texnika asosan xorijdan sotib olingan bo‘lsa, endi ularning katta qismi Samarqanddagi «MAN» zavodida ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, zavodda O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun yoqilg‘i quyishga mo‘ljallangan va boshqa maxsus texnikalar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Sanoat forumi ishtirokchilari 2011-yilda Samarqandda barpo etilgan «UzAuto Trailer» zavodi faoliyati bilan ham tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mazkur korxona faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimizda og‘ir yuk ko‘taradigan «MAN» mashinalarini ishlab chiqarish va ularga xizmat ko‘rsatish kompleksini tashkil etishda yakuniy bosqich bo‘ldi. Korxonaning asosiy vazifasi osma va tirkama texnika – kuzovlar va yarim tirkama, konteyner va avtomobil tashigichlar, tentli yarim tirkama va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishdir. Zavod loyiha bo‘yicha 2 mingta yarim tirkama va mingta osma texnika ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, turli tarmoqlar uchun keng turdagi avtomobil texnikasi, jumladan, samosval kuzovlari, yarim tirkamalar, konteyner tashigichlar, tentli, izotermik yarim tirkamalar va furgonlar ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida kichik korxonalar salohiyati ham keng taqdim etildi. Amaliyot shundan dalolat beradiki, mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin egallayotgan kichik biznes eng xaridorgir va sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish hamda yetkazib berish borasida yuqori ko‘rsatkichlarga erishish imkoniyatiga ega.
Misol uchun, Samarqanddagi «Maroqand-MSM» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi neft-gaz sanoati va kommunal xo‘jaligiga o‘z mahsulotlarini taklif etmoqda. Korxonada Mahalliylashtirish dasturi doirasida gazning sirqib chiqishini aniqlaydigan signalizatorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida neftni qayta ishlaydigan yirik korxonalarga ushbu mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.
«Uzsalaman» qo‘shma korxonasi IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi yakunlari bo‘yicha «Sho‘rtanneftegaz», «Farg‘onaazot», «Maksam Chirchiq» kabi korxonalarga maxsus poyabzal yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzdi.
«Uzsalaman» qo‘shma korxonasi vakillarining ta’kidlashicha, «Maksam Chirchiq» aksiyadorlik jamiyati korxonaning doimiy hamkoridir. Ushbu korxona bilan har yili qiymati 600 million so‘mlik shartnomalar tuziladi. Joriy yilda mamlakatimiz Ichki ishlar vazirligi xodimlari uchun 40 mingta qishki poyabzal yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzildi. Bu galgi tadbirlar doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilardan qiymati 2 milliard so‘mlik tabiiy xomashyo sotib olish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi. Bu korxonaning kooperatsiya aloqalari mustahkamlanib, tobora kengayib borayotganidan dalolatdir.
Forum doirasida tarmoq va korxonalarning 70 markazlashtirilgan taqdimot marosimlarida ularning texnik hamda texnologik imkoniyatlari namoyish etildi. Ayniqsa, har bir viloyat taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur tadbirlar ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar o‘rtasida yangi munosabatlar o‘rnatish va mavjudlarini kengaytirish imkonini berdi. Ishlab chiqarishga mo‘ljallangan materiallar, butlovchi va tayyor buyumlar yetkazib berish yoki xarid qilish uchun shartnomalar imzolandi. Mamlakatimiz korxonalari buyumlar, ishlov berilgan xomashyo va materiallarni qo‘shimcha savdo tenderlari o‘tkazmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mamlakatimiz vazirlik va idoralari, Bojxona va Soliq qo‘mitalari, banklar, sug‘urta kompaniyalari va boshqa tashkilotlar mutaxassislari Sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi ishtirokchilariga «onlayn» maslahat xizmati ko‘rsatdi. Tadbirlar ishtirokchilari, o‘z navbatida, turdosh ishlab chiqarish korxonalarining ehtiyojini baholash va shu asnoda mahsulot yetkazib berish, jumladan, eksportga yetkazib berish bo‘yicha buyurtmalar portfelini shakllantirish imkoniga ega bo‘ldi.
Muxtasar aytganda, IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi yakunlari, hududiy va tarmoqlar sanoat yarmarkalari natijalari mamlakatimiz korxonalarining kooperatsiya aloqalari yildan-yilga kengayib, yangi mazmun-mohiyat kasb etayotganidan dalolat beradi.