Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliylashtirish – kelajak uchun muhim qadam
12:02 / 2022-05-27

Mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish mamlakat iqtisodiyotining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri. Uni amalga oshirish nafaqat importni qisqartirish, balki asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarning yaxshilanishiga olib keladi.

Uzoq yillardan buyon qurilish klasteri sifatida faoliyat yuritib kelayotgan “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi tomonidan qiymati 11 million AQSH dollari miqdoridagi Rossiya, Xitoy, Italiya, Ispaniya va Turkiya davlatlaridan keltirilgan eng zamonaviy texnologiyalar asosida ikkita yirik innovatsion loyihaning amalga oshirilishi natijasida korxonada qurilish mahsulotlari sifat va samaradorligi yaxshilandi.

Kompaniyaning Navoiy shahridagi kichik sanoat zonasida joylashgan avtoklav usulida tayyorlanadigan gazobeton blok ishlab chiqaruvchi korxonasi bir kecha-kunduzda 500, bir yilda esa 150 ming metr kub mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

– 2020-2021 yillarda 2 ta loyihani amalga oshirdik, – deydi kompaniya bo‘lim boshlig‘i Aziz Abdullayev. – Birinchisi, temir beton mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘lsa, ikkinchisi, gazobeton blok ishlab chiqarish loyihasidir. Ispaniyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan temir-beton ishlab chiqarish sexida shu paytga qadar 10 nafar ishchi kuchi bilan sutkada o‘rtacha 10-15 tagacha mahsulot tayyorlangan bo‘lsa, zamonaviy texnologiya asosida ishlab chiqarish hajmi 3 barobar oshdi. Temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish korxonamizda Yevropa standartlari asosida 400 ming metr kvadrat 50 turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Xitoyning “KEDA” kompaniyasidan keltirib o‘rnatilgan texnologiyalar asosida avtoklav usulida tayyorlanadigan gazobeton blok ishlab chiqaruvchi korxona yiliga 150 ming metr kub mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi natijasida 300 kishi ish bilan ta’minlandi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, gazobeton blokdan foydalanish qurilish-montaj ishlari muddatini to‘rt baravargacha kamaytirib, umumiy xarajat sarfini ham bir necha baravar qisqartiradi. Gazobeton – g‘ovak (teshik-teshik) betonning bir turi bo‘lib, zamonaviy qurilish materialidir. Uni ba’zan “sun’iy tosh” deb ham atashadi. Oddiy betondan farqi – tarkibida 1-3 millimetrli pufaklar mavjud bo‘lib, ular tufayli beton yengil, yetarli darajada mustahkam, issiq va sovuqdan yaxshi himoyalash xususiyatlariga ega bo‘ladi.

bugungi kunda barcha hududlarda ko‘p qavatli turar joy binolari, zamonaviy inshootlar qurilmoqda. Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan sifatli qurilish mahsulotlaridan esa ana shu kabi inshootlarda keng foydalanilmoqda.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA