Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliylashtirish dasturi – innovatsiya drayveri
17:28 / 2025-07-30

Bugungi kunda yurtimizdagi sanoat korxonalarida mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga, mavjud xom ashyo resurslari va imkoniyatlardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa o‘z navbatida nafaqat importni qisqartirish, balki asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarning yaxshilanishiga ham olib kelmoqda.

“Navoiyuran” davlat korxonasi Mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i Xurshid Kamalov O‘zA muxbiriga 2025 yilning birinchi yarim yilligida mahalliylashtirish dasturi asosida mahsulotlar ishlab chiqarish jarayoni haqida quyidagilarni gapirib berdi:

– O‘tgan olti oy davomida korxonamizda 15 ta loyiha doirasida 105 turdagi, qiymati 60 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Loyihalarning 7 tasi yangi, 8 tasi esa kengaytirilgan loyihalar hisoblanadi. 

Jumladan, “Zafarobod” kon boshqarmasi Ta’mirlash-mexanika sexi tomonidan uran konsentratini tashish va saqlash uchun 210 litr hajmli maxsus metall konteynerlar, ishlab chiqarish texnologik jarayonlarida foydalaniladigan bosimli sorbsiyalash kolonnalari, uran ishlab chiqarish zavodi uchun aylanma gorizontal quvurli pechlar, burg‘ilash quvurlarini og‘irlashtiruvchi shtangalar, markazdan qochma kimyoviy nasoslar, elektr cho‘ktirma nasoslar va burg‘ilash uskunalari uchun ehtiyot qismlar hamda rezina mahsulotlar ishlab chiqarildi.

“Nurobod” ishlab chiqarish maydoniga qarashli Plastmassa quvurlari va mahsulotlari ishlab chiqarish sexi hamda “Sobirsoy” geotexnologik koni ta’mirlash mexanika sexida esa polivinilxlorid quvurlar va burg‘ilash uskunasi uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, “Uchquduq” ishlab chiqarish maydonining Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi tomonidan 900XNG rusumli sovitkich qurilmasi ishlab chiqarildi.

Joriy yil yanvar-iyun oylarida korxonaning ishlab chiqarish dasturini amalga oshirish maqsadida sanoat kooperatsiyasi asosida mahalliy korxonalardan qiymati 581,5 milliard so‘mlik mahsulot xarid qilindi.

Jumladan, sanoat kooperatsiyasi doirasida “Navpromlitmash”, “Bur Kompressor Navoiy”, “Aziya-Gormash”, “Gidro Stanko Servis” MCHJ kabi salohiyatli mahalliy ishlab chiqaruvchilardan burg‘ilash uskunalari uchun ehtiyot qismlar va asbob uskunalar, “Navoiyazot”, “Olmaliq KMK”, “O‘zbekneftgaz”, “Maksam Chirchiq” AJlaridan hamda “Zarafshon Industrial Technology” MCHJ tomonidan uran sanoati uchun zarur bo‘lgan kimyoviy reagentlar xarid qilindi.

Bugungi kunda korxonamizda importni qisqartirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. 

Yil boshidan korxona tomonidan import qilinadigan mahsulotlar, mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hisobiga importni qisqartirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olingan edi. O‘tgan davr mobaynida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida reja 102,4 foizga yoki 2024 yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 142,1 foizni tashkil etdi.

Bugungi kunda sanoat korxonalarida “shatakka olish” tizimi o‘z samarasini bermoqda. Bu tizim konstruktorlik va texnologik hujjatlarni ishlab chiqish hamda taqdim etish, texnik maslahat va amaliy ko‘mak berish, shuningdek, birgalikda mahsulotlar sifatini talab darajagacha yetkazish ko‘rinishida yangi turdagi import tovarlarini o‘zlashtirish bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi mexanizm hisoblanadi. 

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 31 oktyabr - 1 noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarni ijrosini ta’minlash maqsadida korxonamiz tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, 2025 yilda “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan 17 ta mahalliy tadbirkorlar bilan “shatakka olish” tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ular bilan hamkorlik natijasida qiymati 195 milliard so‘mlik mahsulotlarni kooperatsiya doirasida ishlab chiqarish va mahsulotlarni xarid qilish belgilangan.

O‘tgan davr mobaynida korxona mutaxassislari tomonidan “shatakka” olingan korxonalarning 12 tasi bilan mahsulot ishlab chiqarish jarayonida konstruktorlik, texnologik va texnik hujjatlarni ishlab chiqish, texnik maslahat berish yo‘nalishlarida ko‘maklashilmoqda hamda “yo‘l xarita”lari asosida hamkorlikda ish olib borilmoqda.

“Shatakka” olingan 17 ta korxonadan bugungi kunda 12 tasi bilan elektron kooperatsiya portali orqali qiymati 209,9 milliard so‘mlik mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar rasmiylashtirildi. 

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2025 yil 22 yanvardagi “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 3-ilovasida “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan 2025 yilda elektrotexnika mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar va ularning rasmiy dillerlari hamda distribyutorlari orqali xarid qilinishi belgilangan.

Mazkur qarorda belgilangan topshiriqlar ijrosini bajarish maqsadida korxonamiz tomonidan o‘tgan olti oy davomida elektrotexnika mahsulotlari uchun new.ooperation.uz savdo platformasida qiymati 275 milliard so‘mlik shartnomalar rasmiylashtirildi. 

Korxonada mahalliylashtirish dasturi doirasidagi ishlar davom etmoqda.

Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi.