Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliylashtirish dasturi asosida mahsulot ishlab chiqarish kengaymoqda
17:10 / 2022-06-21

Qaror va ijro

Energetika vazirligi tizimidagi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Ayniqsa, jamiyat tomonidan ishlar ko‘lamini kengaytirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 avgustdagi “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirish to‘g‘risida”gi va 2022 yil 24 yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Energetika vazirligi tizimidagi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati rahbari Muhammadjon BEKMUHAMMEDOV jamiyat tomonidan ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha 2022 yilning yanvar-may oylarida erishilgan natijalar haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– Darhaqiqat, jamiyat elektr energiyasini ishlab chiqarish barobarida Prezidentimizning 2019 yil 24 avgustdagi va 2022 yil 24 yanvardagi qarorlari ijrosini ta’minlashga ham katta ahamiyat qaratmoqda, – dedi M.Bekmuhammedov. – Unga ko‘ra, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ 2022 yilda qiymati 21,9 milliard so‘m bo‘lgan 140 turdagi mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan.

Bu boradagi natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, joriy yilning yanvar-may oylarida mahalliylashtirish dasturiga asosan 119 ta loyiha asosida qiymati 10,8 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan edi. Amalda ushbu ko‘rsatkich 14,8 milliard so‘mga yoki 137,6 foizga bajarildi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish maqsadida kooperatsiya savdolari bo‘yicha yanvar-may oylarida 65,5 milliard so‘mlik mahsulot xarid qilish prognoz qilingan bo‘lib, amalda 71,1 milliard so‘mga yoki 108,5 foizga uddalandi.

Yil yakuniga qadar importni qisqartirish 15,6 million dollarga rejalashtirilgan bo‘lib, yanvar-may oylarida ushbu ko‘rsatkich 7,74 million dollarni, rejaga nisbatan 112,6 foizni tashkil etdi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarida faol ishtirok etmoqda. Xususan, shu yilning 15-16 mart kunlari Sirdaryo viloyati Guliston shahrida o‘tkazilgan tarmoqlararo sanoat yarmarkasida jamiyat va uning tizim korxonalari o‘z imkoniyatlarini namoyish etdi. Unda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan 5 ta hamkorlik memorandum imzolandi. Shartnomalar qiymati 8,7 milliard so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, 26-27 may kunlari Namangan shahrida o‘tkazilgan tarmoqlararo sanoat yarmarkasida 7 ta hamkorlik memorandumi va qiymati 5,2 mililard so‘m bo‘lgan kooperatsiya shartnomalari imzolanganini alohida qayd etish lozim.

Jamiyat importdan keltirilayotgan 70 turdagi mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida “mahsulotbay” kooperatsiyasi orqali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni ham rejalashtirmoqda. Shu sababli, hozirgi kunda 3 yil muddatgacha kafolatli xarid shartnomalarini tuzish bo‘yicha mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik loyihalari ishlab chiqilmoqda.

O‘zA muxbiri
Nasiba ZIYODULLAEVA
yozib oldi.