Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliylashtirish dasturi – amalda
15:06 / 2022-06-03

Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi erkin iqtisodiy zonasida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan yangi sanoat korxonasi "Pak-Merit bleaching clay” MCHJ tomonidan aktivlashtirilgan oqartiruvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi zavod ish boshladi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi, pokistonlik hamkorlar, mahalliy tadbirkorlar, hudud faollari va korxona ishchilari qatnashdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu kabi ishlab chiqarish tarmoqlari jahonda sanoqli bo‘lib, asosan, AQSH, Germaniya, Hindiston, Pokiston va Xitoy davlatlarida mavjud. Shu vaqtgacha oqartiruvchi mahsulot 100 foiz chetdan import qilingan. Zavodda ishlab chiqariladigan mahsulotning 20 foizi mamlakatimizning ichki bozorini bemalol to‘ldirishga yetadi. 

Qolgan qismi esa xorijga eksport qilinadi. Ularga hozirdanoq buyurtmalar mavjud. Loyihaning umumiy qiymati 77,5 milliard so‘m. Aktivlashtirilgan gil – maydalangan bentonit bo‘lib, yuqori faol adsorbentga asosan o‘simlik moylari va neft sanoatidagi yog‘larni rangsizlantirishda foydalaniladi. Ya’ni, kundalik turmushda ishlatiladigan o‘simlik moylarini iste’molga yaroqli holga keltirishda foydalaniladigan poroshok hisoblanadi. 

Zavod ishga tushgach, yiliga 10 ming tonna aktivlashtirilgan gil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Bu mahsulotlarni tayyorlash uchun kerak bo‘ladigan sifati o‘ta baland xom ashyo tuman hududidan olinadi. Shuning uchun mahsulotning markasida nafaqat, O‘zbekiston, Toshkent viloyati, Ohangaron tumani ham keltirilgan. Bu esa ohangaronliklar uchun alohida faxrdir. Hozirgi kunda korxonaga 15 nafar malakali mutaxassislar kelgan bo‘lib, 100 nafarga yaqin mahalliy ishchilarga uskunalarning ishlash mexanizmlarini o‘rgatmoqda. Bu ishlar kelgusida to‘liq shu yerlik mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Mehmonlar zavodning faoliyati bilan yaqindan tanishishdi, mutaxassislar, mas’ullardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

A.Musayev,O‘zA.