Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliy xomashyodan xaridorgir mahsulotlar
17:04 / 2015-06-16

Surxondaryo viloyatida ikkita xususiy korxonada erkaklar va bolalar poyabzalining yuzdan ortiq turi ishlab chiqarilmoqda.

Surxondaryo viloyatida ikkita xususiy korxonada erkaklar va bolalar poyabzalining yuzdan ortiq turi ishlab chiqarilmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda sanoatni rivojlantirish, aholini sifatli, arzon tayyor mahsulotlar bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar raqobatbardosh charm-poyabzal buyumlari ishlab chiqarishda ham yuksak samaralar bermoqda.

Davlatimiz rahbarining 2000-yil 23-fevraldagi “Respublika iqtisodiyotining charm-poyabzal tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish orqali import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim ahamiyat kasb etayotir. 

Surxondaryo viloyatida mahalliy charm xomashyosidan poyabzal ishlab chiqarish o‘zlashtirilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Chetdan keltiriladigan shu turdagi buyumlar bilan bemalol raqobatlasha oladigan poyabzallar qisqa vaqtda mahalliy bozorda o‘z o‘rnini topdi. Bejirim, arzon va chidamliligi bilan xaridorlar ishonchiga sazovor bo‘ldi.

Bundan uch yil avval denovlik yosh tadbirkor Husinbek Murodov xaridorlar didiga mos arzon va sifatli oyoq kiyimlar ishlab chiqarish maqsadida “Denov ravnaq kamoli” xususiy korxonasini tashkil etdi. Xorijdan zamonaviy dastgohlar keltirib, mahalliy charmdan besh turdagi erkaklar poyabzali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

– Bularning barchasi mamlakatimizda xususiy biznes va tadbirkorlini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor va yaratilayotgan sharoit samarasidir, – deydi “Denov ravnaq kamoli” xususiy korxonasi direktori Husinbek Murodov. – Faoliyatimizning dastlabki davridanoq bozor marketingini tashkil etib, buyurtmachilar fikrini, xaridorlar didi va istagini o‘rganishni yo‘lga qo‘ydik. Shu asosda mahsulot sifati va modeliga alohida e’tibor berdik. Har bir mavsumga alohida poyabzal ishlab chiqarishni ko‘paytirdik. Mahsulotning xaridorga manzur bo‘layotgani bizni yanada ko‘proq izlanishga, ishlab chiqarish hajmini oshirishga undamoqda.

Jamoa qisqa vaqtda salmoqli yutuqlarga erishdi. Jumladan, dastlab atigi besh ishchi bilan faoliyat boshlagan xususiy korxonada bugun yigirmaga yaqin kishi samarali mehnat qilmoqda. Ularning sakkiz nafari kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlardir. 2012-yil korxona besh turdagi poyabzal ishlab chiqargan bo‘lsa, hozirda ularning turi yuzga yetdi. Xususiy korxona 2014-yilni 139 million so‘mdan ziyod sof foyda bilan yakunladi.

Mamlakatimizda xususiy biznes rivoji yo‘lida yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanayotgan tadbirkorning istiqbol rejasiga muvofiq, joriy yilda yigirmadan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni yaratilib, erkaklar poyabzali ishlab chiqarish hajmi yanada oshiriladi. Buyurtmachilarga bir milliard so‘mlikka yaqin arzon, sifatli mahsulot yetkazib beriladi. Xorijdan yuz ming dollar qiymatidagi poyabzal tagligi, ya’ni podosh ishlab chiqaradigan zamonaviy texnologiya keltirilib, mahsulotning bir qismini eksport qilish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi ham xususiy sektorda sanoat tarmoqlarining tez sur’atlar bilan yuksalib borishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu tanlov har yili ko‘plab yangi tadbirkorlik subektlarini kashf etish barobarida ularning izlanish va mehnatlarini munosib rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda. Tadbirkorlarning o‘zaro tajriba almashishi uchun qulay imkoniyat yaratayotir. Ishchilarda o‘z kasbidan g‘ururlanish tuyg‘usini mustahkamlamoqda.

– “Tashabbus – 2015” ko‘rik-tanlovida korxonamiz bu yil ilk bor ishtirok etdi, – deydi “Denov ravnaq kamoli” xususiy korxonasi ishchisi Fazliddin Tillayev. – Tanlovning tuman va viloyat bosqichida mahsulotimizga yuqori baho berilib, mamlakat bosqichida maxsus diplom bilan taqdirlanganidan faxrlanamiz. Bu e’tibor bizni ishlab chiqarish sifati va samaradorligini oshirish, Prezidentimiz sovriniga sazovor bo‘lish uchun yanada ko‘proq mehnat qilishga undamoqda.

Xususiy sektorga berilayotgan ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar kichik biznesni rivojlantirish, bozorlarimizni yurtimizda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar bilan to‘ldirish, pirovardida aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Buning samarasida olis va chekka hududlarda ham xususiy biznes iqtisodiyotimizning yetakchi tarmog‘iga aylanmoqda. Bu “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oyaning amaldagi ifodasidir. Termiz shahridagi “Kamozul saydil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan erkaklar va bolalar poyabzaliga talab ortib borayotgani ham buning yorqin dalili bo‘la oladi.

– Bir paytlar bunday charm poyabzallar faqat xorijdan keltirilar, u ham yashirincha sotilardi, – deydi termizlik Hamid Mamataliyev. – Narxining qimmatligidan uncha-muncha odam uni xarid qilishga qiynalardi. Hozir esa, marhamat, o‘z qishlog‘imiz yoki shahrimizda yurtimizda ishlab chiqarilayotgan oyoq kiyimlarni istagancha olishingiz mumkin. Narxi arzon, sifati yuqori. Tanlab-tanlab olasiz. 

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, 2015-2017-yillarda Surxondaryo viloyatida yana beshta zamonaviy charm-poyabzal va terini qayta ishlash korxonasi barpo etilishi rejalashtirilgan.