Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliy valyutadagi investitsiya va derivativlar bozori qanday rivojlanadi?
12:19 / 2025-11-19

O‘zbekistonda infratuzilma loyihalarini uzoq muddatli va barqaror moliyalashtirish masalasi kun tartibidan tushmayapti. Mamlakatda kapital bozorining rivojlanishi, mahalliy valyutadagi instrumentlarning kengayishi hamda banklar uchun uzoq muddatli resurslar bazasini shakllantirish DXSH loyihalarini samarali amalga oshirishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

Shu bois, Toshkentda o‘tkazilayotgan III Davlat-xususiy sheriklik davra suhbatining ikkinchi kunida mahalliy valyutada moliyalashtirish ulushini oshirish, derivativlar bozorini rivojlantirish va regulyativ mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha amaliyotdagi imkoniyatlar va qadamlar muhokama qilindi.

Bu haqda “Infrasia Capital” kompaniyasi bosh direktori va hammuassisi Odilbek Isoqov shu haqda o‘z munosabatini bildirdi:

– O‘zbekistonda ipoteka va qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshirilgan uzoq muddatli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari DXSH loyihalariga ham tatbiq etilishi mumkin. Masalan, hukumat tomonidan banklarga ajratiladigan 15-20 yillik resurslar ipoteka uchun qayta taqsimlanishi buni ko‘rsatib turibdi. Bunday yondashuv banklar uchun infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda uzoq muddatli manbaga aylanishi mumkin.

Hozirgi kunda ichki obligatsiyalar bozori cheklangan, korporativ obligatsiyalarning 5-10 yillik muddatda erkin chiqishi uchun infratuzilma yetarli emas. Hukumat 5 yillik obligatsiyalar chiqarmoqda va  ba’zi holatlarda esa 10 yillik muomalaga kiritilgan. Lekin ikkilamchi bozorda likvidlik pastligi va banklarning derivativlar bilan ishlash malakasi mavjud emasligi uzoq muddatli instrumentlar rivojiga to‘siq bo‘lmoqda. Shu bilan birga, o‘zbek so‘midagi eng uzoq svop muddati 3 yil bo‘lib, bu ham xalqaro sheriklar orqali amalga oshirilayotgan qimmat instrument hisoblanadi. Derivativlardan foydalanish imkoni faqat foiz stavkalari barqaror va past darajaga tushgan holatda kengayishi mumkin.

Ilk amaliy qadam sifatida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarda moliyalashtirishning ma’lum qismi (masalan, 5-10 foiz) o‘zbek so‘mida belgilanishi mumkin. Bunday loyihalarda hukumat offteyker sifatida ishtirok etib, banklarni jalb qilish va mahalliy valyutadagi instrumentlardan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, hozirgi sharoitda 5 yillik hukumat obligatsiyalari 15-15,5 foiz atrofida chiqarilayotgani, xalqaro talab ham shu darajada ekani hisobga olinsa, banklar oladigan xavf asosan hukumat xavfiga tenglashadi. Bu regulyativ nuqtai nazardan bunday instrumentlarni hukumat obligatsiyalariga yaqin deb baholash imkonini beradi.

Markaziy bankning likvid instrumentlar bo‘yicha talablari ham banklar uchun rezerv normativlarini kamaytirib, mahalliy valyutadagi aktivlarga qiziqishni oshiradi. Shu usul DXSH loyihalariga tatbiq etilsa, banklar kamida 5 yillik muddatga kreditlar berishni boshlashi mumkin. Bu esa bank mutaxassislari malakasini oshirish va Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda xalqaro moliya institutlari tomonidan loyihalarni qisman o‘zbek so‘mida moliyalashtirish tartibini talab etadi.

Xalqaro yechimlar nuqtai nazaridan, muammoni to‘liq hal qiladigan barqaror mexanizm hozircha mavjud emas. Lekin O‘zbekistonning makroiqtisodiy barqarorligi oshgani sari, ayrim yirik institutsional investorlarda mahalliy valyutadagi 5-7 yillik obligatsiyalarga qiziqish paydo bo‘lmoqda. Bu imkoniyatdan foydalanib, dastlab kichik hajmlardagi loyiha instrumentlarini (10-15 million dollar atrofida) amalga oshirish va bunday investorlar bilan ishlash  foyda beradi.

Xulosa qilib aytganda, uzoq muddatli moliyalashtirish va mahalliy valyutadagi instrumentlardan foydalanish DXSH loyihalarida samarali qo‘llanilishi mumkin. Buning uchun hukumat, banklar va xalqaro moliya institutlari hamkorlikda ishlashi, bank mutaxassislari malakasini oshirishi va infratuzilmani moliyalashtirishga ixtisoslashtirilgan kompaniyalar faoliyatini rivojlantirishi zarur. Shu yo‘l bilan banklar uzoq muddatli kreditlar berish imkoniyatiga ega bo‘ladi va mahalliy valyutadagi investitsiyalarning samarasi oshiriladi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.