English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mahalliy ta’lim guruhi”ning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi
17:04 / 2023-01-19

Poytaxtimizda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, YUNISEF hamda Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik tashkiloti (GPE) yetakchiligida “Mahalliy ta’lim guruhi”ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda 2023–2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi ta’lim sohasini isloh qilishning Milliy yo‘l xaritasi (National Compact) ni ishlab chiqish jarayoni va tavsifi, mazkur yo‘nalishda faoliyat olib boradigan tematik ishchi guruhlarni tasdiqlash, GPE “Multiplier” grantiga ariza berish jarayoni haqida so‘z yuritildi.

Ma’lumki, 2023 yil mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilindi. Bu jarayonda ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. 

Milliy yo‘l xaritasini ishlab chiqish jarayoni hamkorlar bilan birgalikda ushbu islohot dasturining amalga oshirilishini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Ta’lim sohasi uchun milliy kelishuvni ishlab chiqish ta’lim sohasida ishtirok etuvchi turli manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish, loyihalarning takrorlanishi va resurslardan samarasiz foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik uchun eng tejamkor yechimlarni kengaytirish imkonini beradi.  

GPE “Multiplier” granti doirasidagi yangi loyiha infratuzilmani takomillashtirish va ta’lim sifatini oshirishga e’tibor qaratishi ko‘zda tutilgan. Sektorning tizimli o‘zgarishi GPE tomonidan qo‘shimcha ravishda moliyalashtiriladi.  

Shuni alohida ta’kidlash joizki, YUNISEF va boshqa hamkorlarning texnik ko‘magida o‘tgan yili maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim darajasida ta’lim sohasida muhim yutuqlarga erishildi. Jumladan, yangi davlat-xususiy sheriklik modellari yo‘lga qo‘yildi. Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan talablar asosida maktabgacha ta’lim davlat dasturi qayta ko‘rib chiqildi.  

Tarbiyachilar va o‘qituvchilarga mo‘ljallangan ilk maktabgacha onlayn platformalar ishga tushirildi. Umumiy o‘rta ta’limda boshlang‘ich bosqichda matematika, ona tili va tabiiy fanlar bo‘yicha yangi darsliklar joriy etilib, o‘quv dasturlari islohotida muhim natijalarga erishildi. Innovatsiyalar va raqamli ta’limni kengaytirish imkoniyatlari yaratildi. 

 

Loyiha tashabbusi doirasida internetga ulanishning real vaqt rejimidagi monitoringi yanada kengaytirildi. Bu esa  internetga ulanish va 10 ming 132 maktabda internet sifati va yufori tezligini ta’minlash imkoniyatini yaratdi.  

– O‘zbekistonda bolalar va yoshlar sifatli ta’lim olish imkoniga ega bo‘lsa, mamlakatning katta boyligiga aylanishi mumkin, – dedi YUNICYeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. – Bu mamlakat buguni va kelajagi uchun muhim sarmoyadir. Milliy yo‘l xaritasi barcha darajalarda dalillarga asoslangan hamda ta’lim sifatini oshirish, sharoitlar, imkoniyatlar, xavfsizlik va inklyuziyani oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilishda hukumat va rivojlanish bo‘yicha hamkorlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish imkoniyatini beradi.  

Aytish kerakki, Milliy yo‘l xaritasi bu hukumat tomonidan tasdiqlanadigan, “Mahalliy ta’lim guruhi” mutasaddilari va moliyalashtiruvchi institut tomonidan imzolanadigan va dalillarga asoslangan hujjat hisoblanadi. U ta’lim tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini va ularni amalga oshirish chora-tadbirlarini belgilaydi hamda investitsiyalarni jalb etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.  

N.Usmonova, O‘zA