Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliy sut mahsulotlari mintaqaviy bozordan jahon bozoriga
12:41 / 2026-01-12

Bugungi kunda dunyoda sutni qayta ishlash yuqori texnologiyali, eksportga yo‘naltirilgan sanoat tarmog‘iga aylangan.

Masalan,  Yevropa davlatlari sifat va standartlar bilan, Yangi Zellandiya eksport modeli bilan, AQSH esa innovatsion yondashuv bilan yetakchilik qilmoqda.  Bu borada yurtimizda ham keyingi yillarda yuksalishlar  ko‘zga tashlanmoqda.  

Ma’lumotlarga ko‘ra,  2025 yilda mamlakatimizda eng ko‘p sut va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish geografiyasi  Samarqand, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlariga to‘g‘ri keladi.  

Jumladan, Xorazm viloyatida yil davomida umumiy hajmda  bir million tonnadan ortiq  sut ishlab chiqarilgan bo‘lib, sog‘ib olingan jami sut hajmining asosiy qismi —150 ming tonnasi Urganch tumani chorvadorlarining hissasidir.

Bugungi kunda aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan taminlash eng muhim masalalardan biri xisoblanadi. Shu jihatdan sutni qayta ishlash korxonalari faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi.  

Tumanda joylashgan  “TILLO DOMOR” korxonasi yangi “DAMAR” brendi ostida qiymati 10 mln dollarlik sut va sut mahsulotlarini qayta ishlab, tabiiy pishloq turlari va sof sut mahsulotlarini keng assortimentda xaridorlarga taqdim etmoqda.

Mahsulotlar tabiiy sutdan tayyorlangan bo‘lib, respublikamizdan tashqari Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisiga ham sifatli va qulay narxlarda yetkazib berilmoqda.

[gallery-27064]

—Dunyo standartlari darajasida mahsulot tayyorlash, ishlab chiqarish jarayonlarida zamonaviy texnologiyalar hamda qat’iy nazorat tizimini yaratish bilan mahaliy va jahon bozorida raqobatbardoshlikni ta’minlash mumkin, — deydi  korxona rahbari Feruzbek Quronboyev. – Korxonamiz o‘tgan yili yangi quvvat bilan ishlay boshladi. Oldinlari yiliga 20 tonna sutni qayta ishlayotgan bo‘lsak, hozirda 50 tonnadan ortiq sutni yangi mahsulotga aylantirmoqdamiz. Mahsulotlarimiz turi ham o‘ttiztadan elliktaga oshgan.

Mutaxassislarning  fikricha, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish uchun sutni chuqur qayta ishlash, xalqaro standartlarga amal qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu tajribalar mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

—Biz ushbu korhona bilan 2016 yildan buyon ishlab kelamiz, —deydi germaniyalik texnolog Karlxayns Rox. —Yevropa bo‘ylab yangi tizimlarni va ularning qanday ishlashini ko‘rib chiqdik.  Keyin birgalikda konsepsiya, loyiha ishlandi. Bu borada chet ellik hamkorlar bilan muzokaralar olib bordik. Mahalliy tadbirkor loyiha uchun katta mablag‘ tikdi. Natijada zamonaviy bino va eksportbop mahsulot olish imkoniyati paydo bo‘ldi. O‘ylaymanki, korxona  nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki  vaqt o‘tib Yevropaga ham eksportni amalga oshirishni boshlaydi.

Ayni damda korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar mahalliy bozorlardan ortayotgani yo‘q. Biroq xalqaro kompaniyalardan ham qator takliflar kelmoqda.  

—Korxonamiz xalqaro standartlarga mos   mahsulotlar tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ldi, —deydi  korxona rahbari Feruzbek Quronboyev. – Endilikda eksport bo‘yicha ham ilg‘or davlatlar bilan raqobatda ustunlikni ta’minlashga erishishni  maqsad qilganmiz. Ayni damda korxonada ishchilar soni 100 nafarni tashkil etadi. Ishchilar soni kamroq bo‘lishi mumkin. Korxonamiz katta bo‘lgani bilan unda inson omili minimal darajada.Bu esa ishlab chiqarishda sifat va tozalikni oshiradi.  

Sutni qayta ishlash sohasi qishloq xo‘jaligi va sanoatni bog‘lovchi, mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri.  Ana shuning uchun ham shu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan mahalliy tadbirkorlar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanyapti. Natijada yangi ish o‘rinlari, mahsulot turi ormoqda.  

Ahmadjon Shokirov,  

Behzod Saidov (surat),  

O‘zA muxbirlari