Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.
Press-tur ishtirokchilari mutaxassislar hamrohligida Qishloq xo‘jaligi vazirligi Milliy markazi tizimidagi ushbu muassasaga qarashli tajriba dalalaridagi g‘o‘zalarni ko‘zdan kechirdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘rta Osiyoda g‘o‘za va boshqa ekinlar urug‘chiligi va urug‘shunosligi tarmog‘ini rivojlantirishda muhim hisoblangan mazkur institut dastlab 1922 yilda Turkiston seleksion stansiyasi nomi bilan Toshkent yaqinidagi Yalang‘och qishlog‘ida tashkil etilgan.
Stansiyaning asoschisi va birinchi direktori mashhur genetik va seleksioner olim G.S.Zaysev. O‘sha paytda stansiyaning filiallari va tayanch bo‘limlari, uning asosida g‘o‘za, beda va boshqa ekinlarning seleksiyasi va urug‘ligi bo‘limlari, qishloq xo‘jaligi va tajriba-sinov stansiyalari filiallari, ilmiy-tadqiqot institutlari tashkil etildi.
Ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy va innovatsion ishlanmalar bo‘yicha o‘rinbosari Shodmon Namozovning aytishicha, hozir soha mutaxassislari joylarda mamlakatimiz sharoitiga har tomonlama mos keladigan yangi g‘o‘za navlarini yaratish va ularning birlamchi urug‘ligini tashkil etish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish imkoniyatini beruvchi ekinlarni almashlab ekish tizimlari bo‘yicha qator ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.
Mazkur institut va uning ilmiy-tajriba stansiyalarida g‘o‘zaning 442 navi yaratilgan va ulardan 101 ta o‘rta tolali va 49 ta ingichka tolali navlar ishlab chiqarishga joriy etildi. Shu yillar davomida g‘o‘za navlari bo‘yicha umumiy maydon bir necha o‘n million gektardan ortiqni tashkil etdi. Hozir fermer xo‘jaliklarida institutda yaratilgan 23 ta g‘o‘za navlari jumladan, 5 tasi ingichka tolali navlar umumiy paxta maydonining 95 foizi, ya’ni, 910 ming gektardan ortiq maydonda ekilgan.
[gallery-13157]
Ayni paytda respublikamiz paxtachiligida faqat mahalliy seleksiya navlari yetishtiriladi. Ilmiy muassasadagi G‘o‘za kolleksiyasi va introduksiyasi, G‘o‘za genetikasi va sitologiyasi, O‘simliklarning biokimyosi va fiziologiyasi, Immunologiya va sun’iy iqlim, Biotexnologiya va fitopatologik baholash, Tola texnologiyasi, yangi navlarni sinash va urug‘larini dastlabki ko‘paytirish laboratoriyalari seleksionerlarga muhim belgilarga ega yangi donor shakllarni yaratish, boshlang‘ich ashyo va seleksion tizmalarni genetik baholash hamda yangi navlar urug‘larini ko‘paytirishda yaqindan yordam berib kelmoqda.
Institut Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va boshqa davlatlar oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan aloqalarni saqlab kelmoqda. Yaratilgan ingichka tolali C-6037 g‘o‘za navi Leypsigda 1981 yilda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmada oltin medal bilan taqdirlangan. Ilmiy jamoa mehnati mahsuli bo‘lgan “Buxoro-6” navi esa Liverpul paxta birjasida oltin medalga sazovor bo‘lib, uning tolasi standart sifatida qabul qilindi.
Oxirgi yillarda o‘rta va ingichka tolali g‘o‘zaning 250 dan ortiq navlari yaratildi. Xususan, so‘nggi 5 yil ichida 51 nav yaratilgan. Shundan 41 tasi O‘zbekiston Respublikasining qishloq xo‘jaligi ekinlari Davlat reyestriga kiritildi. Institut olimlari O‘zbekiston Respublikasining seleksiya yutuqlari va foydali modellari uchun 112 ta patent hamda Rossiya Federatsiyasining 4 ta patentiga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda institutda 19 ta laboratoriya va 2 ta noyob ob’ekt mavjud. Press-turda jurnalistlar soha bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Musayev, D.Ernazarov (surat), O‘zA.