So‘nggi yillarda Sirdaryo viloyatida mahalliy sanoatni rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va eksport salohiyatini oshirish yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon mamlakatimizda amalga oshirilayotgan mahalliylashtirish dasturi doirasida izchil natijalar berib kelayotganini ko‘rsatmoqda.
Joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida mazkur dastur asosida viloyatdagi 44 ta loyiha bo‘yicha 1 trillion 276,9 milliard so‘mlik mahalliy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish belgilangan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich 1 trillion 953,2 milliard so‘mni tashkil etdi. Natijada reja 153 foizga bajarildi. Bu esa Sirdaryodagi ishlab chiqaruvchilarning salohiyati ortib, mahalliy sanoat barqaror rivojlanayotganidan dalolat beradi.

Viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Bekmurod Akbarovning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichlar ortida katta mehnat va tizimli yondashuv mujassam: – Har bir sanoat loyihasi — bu ish o‘rni, bu oilaviy daromad, bu hududning rivoji, — deydi u. — Sirdaryoda ishlab chiqarish sohasi to‘liq yangi mazmun kasb etmoqda. Biz mahalliy xomashyodan foydalangan holda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga intilyapmiz. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish madaniyatini oshirish va xalqaro bozorga chiqishni maqsad qilib qo‘yganmiz.

Mutaxassislar fikricha, mahalliy ishlab chiqaruvchilar nafaqat ichki bozorni import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan ta’minlamoqda, balki eksport hajmini kengaytirishda ham faol ishtirok etmoqda. Joriy yilda mahalliylashtirish dasturi doirasidagi 9 ta loyiha bo‘yicha umumiy qiymati 7,8 million dollarlik mahsulot xorijga eksport qilindi. Shuning 7,69 million dollarlik qismi Sirdaryo tumani korxonalari hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu viloyat ishlab chiqaruvchilarining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Ishlab chiqarish quvvatlari kengayishi bilan birga, yangi ish o‘rinlari ham ko‘paymoqda. Bu yilning o‘zida 283 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Eng ko‘p ish joylari Yangiyer shahrida (115 ta), Sirdaryo tumanida (74 ta) hamda Shirin shahrida (29 ta) tashkil etildi. Bu nafaqat aholining bandligini ta’minlamoqda, balki daromad manbalarini kengaytirib, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlamoqda.
Bugun viloyatda mahalliy xomashyo asosida yangidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi tobora ko‘paymoqda. 7 ta loyiha doirasida 10 ga yaqin yangi turdagi mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va jami 6,65 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlandi. Bu natijalar kimyo, oziq-ovqat, to‘qimachilik va mebel ishlab chiqarish sohalarida yangi bosqich boshlanganini anglatadi.

Guliston shahridagi “NH-CNC produktion ” metall kesish uskunalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlamoqda. Oqoltin tumanidagi “Baraka tex” to‘qimachilik uchun elastik rezina mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirgan. “Davr makon servis” qovun va tarvuzdan jem hamda sukatlar tayyorlab, oziq-ovqat sanoatida yangi yo‘nalish ochdi.
Sirdaryo tumanidagi “Baxt plastital” gipoxlorit ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, sanitariya va suv ta’minoti sohalari uchun muhim mahsulot yetkazib bermoqda. “NPM trade group” kiyim aksessuarlari ishlab chiqarishni tashkil etgan bo‘lib, yengil sanoatning raqobatbardoshligini oshirishga hissa qo‘shmoqda. Shirin shahridagi “Versal group m” mebel uchun o‘qloqlar ishlab chiqarmoqda, “Wang da rolling stetl” esa sim prut ishlab chiqarishni boshlab, qurilish va mashinasozlik sohalaridagi ehtiyojni qoplamoqda.
– Bugun viloyatdagi har bir sanoat ob’ekti faqat ishlab chiqarish markazi emas, balki innovatsiya va mehnat madaniyatining namunasiga aylanmoqda, – deydi Bekmurod Akbarov. – Bu — Sirdaryoning yangi iqtisodiy qiyofasi. Yil yakuniga qadar ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, eksport ulushini ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
Sanoat quvvatlari ortgani sayin, Sirdaryo iqtisodi nafaqat raqamlarda, balki odamlar hayotida ham namoyon bo‘lmoqda. Yangi ish o‘rinlari, barqaror daromadlar va yangicha mehnat madaniyati — bugungi viloyat taraqqiyotining belgisiga aylandi. Sirdaryo sanoati endilikda mamlakat iqtisodiyotining ishonchli ustunlaridan biriga aylanib bormoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri