Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliy o‘g‘itdan daromad
16:06 / 2016-07-08

Istiqlol sharofati bilan yer o‘z egasini topdi. Har bir sohada bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligida ham izlanish, tashabbusga keng yo‘l ochildi.

Istiqlol sharofati bilan yer o‘z egasini topdi. Har bir sohada bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligida ham izlanish, tashabbusga keng yo‘l ochildi.

Andijon viloyati Asaka tumanidagi “Samar agrozoovet servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bahodir Ahmedov bir necha yillik izlanishlardan so‘ng xo‘jalikda zamonaviy texnologiyani sinab ko‘rishga jazm etdi.

– Biogaz texnologiyalarini qo‘llash orqali issiqlik va elektr energiyasi hosil qilinadi, – deydi B.Ahmedov. – Keyingi yillarda ana shunday qurilmadan foydalanayapmiz. Qurilma chiqindilarni qayta ishlash jarayonida bir kunda 10 kub metrgacha gaz hosil qilish quvvatiga ega. Agar gaz miqdori belgilanganidan oshib ketsa, kundalik ehtiyojdan ortiqchasi avtomatik ravishda zaxirada yig‘iladi. Dastlab mahalliy o‘g‘it teng miqdorda suv bilan aralashtirilib, 18-20 kun davomida hovuzga yig‘iladi. So‘ngra 10 tonnalik sig‘imga ega ikkita idishga joylanadi.

Mahalliy o‘g‘itni qayta ishlab, biogazga aylantirish ortiqcha xarajat va ishchi kuchi talab etmaydi. Qoramol, qo‘y-echki, parranda go‘ngi va boshqa maishiy chiqindilar xomashyo manbai hisoblanadi.

Biogazning yana bir foydali jihati ekologik vaziyatni yaxshilashidir. Undan foydalanish inshootlarning ifloslanishi va qurum bosishini kamaytirib, chivin va boshqa zararli hasharotlar, havodagi yoqimsiz hidlarni yo‘qotadi. Chiqindilardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish orqali suv havzalariga ifloslantiruvchi moddalar tashlanishi kamayadi. Hozir korxonada ishlovchi va uning atrofida yashayotgan bir necha xonadon egalari uyini isitish va ovqat tayyorlashda biogazdan foydalanmoqda.

Biogaz olinib, hidsizlantirilgan chiqindidan gul tuvaklar yasalmoqda. Bunday gul tuvaklarda rang-barang gul va o‘simliklarni ochiq dala sharoitida ekish mo‘ljallanmoqda. Ikki yildan buyon yana bir yangilik sinovdan o‘tkazilmoqda. Turli chiqindilardan hosil bo‘ladigan is gazini yonuvchi gazga aylantiradigan gazogenerator ishga tushirildi. Issiqxonalarni qishda isitishda qo‘l keluvchi bu yangi tajriba ko‘magida yiliga 3-4-marta hosil olishga erishilmoqda. Hozir bu tajribadan Asaka tumanidagi fermerlar va tomorqa egalari samarali foydalanmoqda.

Jamiyat qoshidagi “Agroolam” savdo markazi orqali mulk egalari va tomorqachilarga kichik texnikalar, mineral o‘g‘itlar, plyonkalar, kimyoviy vositalar yetkazib berilmoqda. Xo‘jaliklarga tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. 100 tonnalik sovutgich tumandagi fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan meva-sabzavotlarni sifatli saqlashda qo‘l kelmoqda.

El-yurt tashvishi bilan yashagan insonning ishlarida baraka bo‘ladi. Tadbirkor daromadi hisobidan chopiq, haydov traktorlari, yuk tashishga mo‘ljallangan bir nechta texnika xarid qildi. Prezidentimizning 2006-yil 24-avgustdagi “Qishloq xo‘jaligi uchun minitexnologiyalar va ixcham uskunalarning xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosini o‘tkazishni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori zamonaviy texnikani xarid qilish istagidagi mulk egalariga yangi imkoniyatlar yaratdi. Mazkur ko‘rgazma-savdoda ishtirok etgan B.Ahmedov 2014-yili shifobaxsh o‘simlik yog‘lari ishlab chiqarish texnologiyasini xarid qildi. Endilikda aholidan oshqovoq, na’matak urug‘i va yeryong‘oq qabul qilinib, ulardan moy ishlab chiqarilmoqda.

Qishloqdoshlari Bahodir akani tabiatan vazmin, ishning ko‘zini biladigan, yangilikka intiluvchan odam, deyishadi. Ikki qavatli issiqxona qurish, uni isitishda chorva mollari va parrandalardan foydalanish hammaning ham xayoliga kelmaydi.

– Erkinlik – eng oliy ne’mat. U insonda yaratish, yashnatish tuyg‘usini uyg‘otadi. Mustaqillik xalqimizga ana shunday imkoniyatni berdi, – deydi B.Ahmedov. – Bugun mamlakatimizda mehnat qilib, farovon yashayman degan inson uchun erkin muhit yaratilgan. Bu insonlarda yaratish ishtiyoqini oshirib, raqobat muhitini rivojlantirmoqda. Biz ham issiqxonalar tizimida tejamkorlikka erishish orqali mo‘l hosil yetishtirishni niyat qilib, olimlar va konstruktorlar bilan maslahatlashdik. Natijada yangi g‘oya shakllandi. Birinchi qavatda quyon, qo‘y, g‘oz, kurka va qoramol parvarishlash uchun ferma, uning ustida esa pomidor va bodring yetishtirishga mo‘ljallangan issiqxona qurildi. Bunda ham yerdan, ham chorvadan unumli foydalanilmoqda.

Tadbirkorning to‘rtta farzandi bor. Ular ham o‘zi yashayotgan zaminning obodligi, el dasturxoni fayzli bo‘lishiga hissa qo‘shish uchun tinib-tinchimaydi. Andijon qishloq xo‘jaligi institutini bitiruvchisi Ulug‘bek Ahmedov olgan bilimini amaliyotga joriy etish maqsadida oshqovoqqa bodringni payvand qildi. 2015-yilda o‘tkazilgan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida bu yangilik ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.

– Bodringning ildizi nozik bo‘lib, tuproq tanlashi, issiq me’yoridan oshsa gul to‘kishini dehqonlar yaxshi biladi, – deydi Ulug‘bek. – Issiqxona va dala sharoitiga mo‘ljallangan yangi usulda oshqovoq ildizining chidamliligi bois unga payvand qilingan bodring navlari turli tuproqqa va ob-havoga moslashuvchanligi ortib, gul tashlamaydi. Har yili ana shu usulni qo‘llab, 30 sotix yerdan qariyb 90 tonna bodring yig‘ib olayapmiz.

Xo‘jalik daromadi oshgani sari bu yerda mehnat qilayotgan 20 ishchi oilasining ham turmush farovonligi yuksalayotir. Ular ish haqidan tashqari oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanmoqda.