Prezidentimizning 2022 yil 24 yanvarda “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Qaror ijrosini ta’minlash borasida joylarda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Toshkent viloyati Chirchiq shahrida ham mazkur qaror ijrosi doirasida sanoat yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkaning ochilishida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Oxirgi yillarda ichki iqtisodiy imkoniyatlarni ishga solish, xorijdan investitsiyalarni jalb etishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, talab yuqori bo‘lgan keng turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Yarmarkada metallurgiya, kimyo sanoati, elektroenergiya, elektrotexnika, qurilish materiallari, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi texnikasi hamda maxsus texnikalar uchun zarur bo‘lgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar namoyish etilmoqda. Toshkent viloyatidagi 375 ta mahalliy ishlab chiqaruvchilarning stendlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ayniqsa, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” va “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan turli mahsulotlar ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda.
[gallery-14241]
Tahlillarga ko‘ra, Toshkent viloyatida jami 38 mingdan ziyod kichik biznes sub’ektlari faoliyat yuritmoqda. Keyingi besh yilda ularning viloyat iqtisodiyotidagi ulushi 89 foizga oshdi. Yaratib berilayotgan sharoit va yengilliklar samarasi o‘laroq chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar 1 ming 438 taga yetdi. Shu yilning o‘zida 100 dan ziyod shunday korxonalar yangidan ochilib, chet ellik investorlar tomonidan qariyb 800 million dollardan ortiq investitsiyalar kiritildi. Ular orasida Xitoy, Turkiya, Rossiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarning investorlari bor.
– O‘tgan yili ham viloyatda sanoat yarmarkalari yuqori saviyada tashkil etilgan edi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Najmiddinxo‘ja Sharipov. – Natijada, 600 milliard so‘mdan ziyod qiymatida shartnomalar tuzilgan. O‘z navbatida, mahalliy sanoat korxonalariga qo‘shimcha bozorlar ochilmoqda.
Yarmarka ikki kun davom etadi.
A.Musayev, D.Ernazarov (surat), O‘zA