Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliy mahsulotlar namoyishi: muloqot, hamkorlik va raqobat
16:45 / 2020-12-02

Poytaxtimizda o‘tkazilgan sanoat yarmarkasi respublikada kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va Energetika vazirliklari bilan hamkorlikda tashkil etgan ushbu tadbirga qurilish-montaj tizimidagi pudratchi tashkilotlar, qurilish kompaniyalari vakillari hamda tadbirkorlik sub’ektlari, elektr-mexaniklar, dillerlik xizmati xodimlari taklif etildi.

Yarmarka ochilishida mamlakatimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlar  kooperatsiya aloqalarining rivojlanishi, milliy bozorlarimizni mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirish va raqobatdoshligini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarori soha rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. O‘z navbatida, ushbu qaror ijrosi mamlakatimizda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, import asosida kirib kelayotgan mahsulotlar va xomashyolarni o‘zimizda mahalliylashtirish, korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish yo‘lida huquqiy asosdir.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi boshqaruvi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Namoz Tolipovning ma’lum qilishicha, ushbu sanoat yarmarkasi yurtimizdagi barcha qurilish ob’ektlarida, montaj ishlarida milliy mahsulotlarimizga keng o‘rin berish, ulardan samarali foydalanish, ishlab chiqaruvchilar bilan iste’molchilar o‘rtasida o‘zaro kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

 Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, bugun milliy bozorlarimizga kirib kelayotgan ko‘p turdagi import kabel-sim mahsulotlari qurilish-montaj ishlarida keng qo‘llanilmoqda, – dedi N.Tolipov. – Ammo ayrim turdagi kabel-sim mahsulotlari laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilganda, nomuvofiqlik holatlari aniqlangan. Bu kabel mahsulotlari qisqa tutashuvlarda chidamsizligi va sifatsizligi bilan xarakterlangan. Hozirda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi Monopoliyaga qarshi kurashish agentligi va "O‘zstandart" agentligi bilan hamkorlikda bozorlarni sifatsiz elektrotexnika mahsulotlaridan himoya qilish bo‘yicha nazorat xaridlarini o‘tkazish choralarini ko‘rmoqda. Milliy bozorlarimizni sifatsiz kabel-sim mahsulotlaridan himoya qilish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizni ko‘proq qo‘llab-quvvatlash maqsadida barcha turdagi kabel-sim mahsulotlarini o‘zimizda xarid qilish qobiliyatini oshirish, mavjud bo‘lmagan turlarini mahalliylashtirish va ularning raqobatdoshligini oshirish bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari bugun o‘tkazilgan sanoat yarmarkasida qizg‘in muhokama qilindi.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan o‘zlashtirilgan yangi mahsulot turlari, ularning sifatlilik darajasi, xalqaro standart talablariga javob beruvchi muvofiqlik sertifikatlari to‘g‘risida taqdimotlar ham o‘tkazildi.

– Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 70-75 foizi import o‘rnini bosadi, – dedi Toshkent viloyatidagi “Yuqori Chirchiq energy systems” korxonasi marketing bo‘limi boshlig‘i Mirsaid Abzalov. – Bular yuqori kuchlanishli transformatorlar uchun mis va alyuminiy shinalar, zajimlar, yuqori kuchlanishli elektr toklarini uzatish uchun alyuminiy va mis simlari kabi mahsulotlardir. Bundan tashqari, imoratlarni qurishda ishlatiladigan montaj simlari ham ishlab chiqariladi. 130 nafarga yaqin ishchi-xodimiga ega korxonamiz faoliyatiga hali ko‘p bo‘lmadi. Jamoamiz doimiy ishlanishda. Tashkil etilgan ushbu yarmarka shu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda katta rol o‘ynaydi.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA