O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, xorijiy tajriba tahlili asosida, o‘rta va uzoq muddatda mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilib, tasdiqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Dasturlar quyidagilar kesimida shakllantiriladi:
drayver sohalar (farmatsevtika, elektrotexnika, elektronika va robototexnika, avtomobilsozlik, qurilish materiallari, gaz va neft kimyosi, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati);
yuqori investitsiya salohiyatiga ega bazaviy tarmoqlar (energetika, tog‘-kon sanoati, kimyo);
hududlar;
Kengash qarori bilan belgilanadigan boshqa sohalar;
b) Dasturlar tarmoq va hududlar tomonidan shakllantirilib, Agentlik bilan kelishiladi va Kengash tomonidan tasdiqlanadi;
v) Agentlik Dasturlarni shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtiradi hamda tarmoq va hududlarga uslubiy va amaliy jihatdan ko‘maklashadi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab:
a) Agentlik respublika va mintaqa bozorini tahlil qilib, milliy iqtisodiyotga qo‘shiladigan qiymat zanjirlarini oshirishga xizmat qiluvchi o‘zlashtirish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlar ro‘yxatini sohalar kesimida bosqichma-bosqich shakllantiradi va e’lon qilib boradi;
b) o‘zlashtirish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan mahsulotlarni o‘zlashtirgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘rnatilgan tartibda kafolatli xarid shartnomalari tuziladi hamda ular Dasturlarga kiritiladi;
v) Agentlik tomonidan mas’ul vazirlik va idoralar, tarmoq va hududlar bilan birgalikda davlat ishtirokidagi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari qo‘llaniladigan yirik va ahamiyatli investitsiya loyihalari bo‘yicha milliy iqtisodiyotga qo‘shiladigan qiymatni quyidagi mezonlar asosida kompleks baholash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi:
sanoat kooperatsiyasi va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirishga kiritiladigan hissa;
yaratiladigan qo‘shilgan qiymat va uning iqtisodiy samarasi;
mahalliy kadrlarni jalb qilish ko‘rsatkichi, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish rejasi;
ko‘rsatilayotgan xizmatlar va infratuzilmaga ta’sir;
texnologiyalar, innovatsiyalar va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish;
g) yirik va ahamiyatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hujjatlarda (investitsiya bitimlari, mahsulot taqdimotiga oid bitim, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim va boshqalar) davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari hamda kafolatlar bilan birga belgilangan mezonlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar nazarda tutiladi;
d) Agentlik:
mahalliy va xorijiy korxonalarning davlat xaridlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish uchun "yetkazib beruvchilarni rivojlantirish" tamoyili (vendor development) asosida qo‘shilgan qiymat yaratishga qaratilgan sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishni tashkil etadi;
xorijiy huquq egalari bilan hamkorlik o‘rnatib, ularning ishlab chiqarish texnologiyalari transferi, brend, tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilarini mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga berishga ko‘maklashadi;
yangi mahsulotni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik sub’ektlariga muvofiqlikni baholashdan o‘tkazish, litsenziyalash, ruxsat berish, xabardor qilish, sanitariya va boshqa tartib-taomillardan o‘tishga ko‘maklashadi;
j) Agentlik va uning hududlardagi loyiha ofislari belgilangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining o‘rinbosarlari - viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmalari boshliqlari bilan hamkorlikda ishlarni amalga oshiradi;
z) Agentlik direktori Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya hamda Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasining doimiy a’zosi hisoblanadi;
i) Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingini shakllantirishda mahsulotlarni ishlab chiqarishda yaratilgan qo‘shilgan qiymat ulushi qo‘shimcha ball beruvchi ko‘rsatkichlarga kiritiladi;
k) Dasturlarga kiritilgan loyihalar doirasida ishlab chiqarish texnologik jarayonida foydalaniladigan, respublikada o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan, tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan xomashyo va butlovchi buyumlar 3 yil muddatga bojxona bojidan ozod etiladi.
O‘zA