Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliy korxonalar faoliyati kengaymoqda
17:38 / 2025-04-09

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Yangiyo‘l tumanida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida bu yil umumiy qiymati 358 milliard so‘mlik 21 ta loyiha ishga tushirilishi belgilangan. Ular orqali 1 ming 731 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Mazkur sa’y-harakatlar bilan tanishish maqsadida Toshkent viloyati va Yangiyo‘l tumani hokimliklari tomonidan OAV vakillar uchun hududda faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalarida press-tur tashkil etildi. Xususan, “Tinchlik” kichik sanoat zonasida hozir ko‘plab korxonalar faoliyat yuritmoqda. 

Prezidentmiz 2024 yil noyabr oyida Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur kichik sanoat zonasida bo‘lib, qator korxonalar faoliyati bilan tanishgan edi. Bu yerdagi “Enter steel” korxonasi ham 2021 yil tashkil etilganidan buyon qisqa vaqt ichida sezilarli yutuqlarga erishdi. 

Jurnalistlarga metall konstruksiyalar, yuqori bosimga chidamli rezervuarlar, yuk ko‘taruvchi kranlar va payvandlash jarayonlari ko‘rsatildi. Korxona yiliga 146 milliard 200 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Tayyor mahsulotlar nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham xaridorgir bo‘lib, korxonaning eksport hajmi 2,4 million dollarni tashkil etadi. 

[gallery-22724]

– Mahalliylashtirish dasturi doirasida faol ish olib bormoqda. Xususan, neft va gaz sanoati uchun 30 ming tonna metall konstruksiyalar va 500 dan ortiq texnologik uskunalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa import o‘rnini bosishda muhim ahamiyatga ega. Dastlab 400 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan bo‘lsa, bugungi kunda 1 ming 30 dan ortiq mahalliy aholi ish bilan ta’minlandi. Loyihaning umumiy qiymati 20 million dollarni tashkil etib, u to‘liq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtirilgan. Ammo, korxonaga jalb etilgan investitsiyalar hajmi bugungi kunda 37 million 430 ming dollariga yetgan. Bu esa korxonamizning kengayib borayotganidan dalolat beradi, – deydi korxonaning biznesni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Lazizbek Husanov. 

Jurnalistlarga issiq ruh bilan qoplash sexi ham ko‘rsatildi. Bu yerda qishloq xo‘jaligi, yo‘l qurilishi, turli sanoat tarmoqlarida foydalanadigan tayyor metall avval yaxshilab tozalanadi, maxsus ishlov beriladi va ruh moddasi bilan qoplanadi. Natijada tayyor mahsulotning chidamlilik darajasi qo‘shimcha 60-70 yilga uzayadi. Mazkur amaliyot mamlakatimizda ommalashib bormoqda. 

Navbatdagi manzil zamonaviy quyosh panellari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “ENTER SOLAR GREEN ENERGY” mas’uliyati cheklangan jamiyat bo‘ldi. 2023 yildan beri faoliyat yuritayotgan bu korxona Italiyaning “Ecoprogetti” kompaniyasidan keltirilgan eng so‘nggi rusumdagi uskunalar bilan jihozlangan. Ayni paytda ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirish ustida faol ish olib bormoqda. Loyihaning umumiy qiymati 5,5 million dollarini tashkil etgan. 

Korxona yiliga 375 ming dona quyosh paneli ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ish mavsumida 300 dan ortiq fuqaro doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlanadi. Korxonaning faoliyati mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va ekologik toza energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirishga xizmat qiladi. 

Jurnalistlar press-tur davomida soha xodimlari bilan suhbatlashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. 

A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.